Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahridagi “Bog‘ishamol” mahallasida bo‘lib, hududdagi yangilanish jarayonlari va boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi. Massivda aholi uchun yaratilgan qulayliklar va infratuzilma holati tahlil qilindi.
Mahallada Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti qoshidagi “Termiz Farovon Servis” kompaniyasi tomonidan zamonaviy xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Hududda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida “Raqamli mahalla” loyihasi doirasida ko‘p qavatli uylarga Face-ID tizimi va videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan.
Shuningdek, mahalla qiyofasi tubdan o‘zgartirilib, yangi piyodalar yo‘laklari, avtoturargohlar va bolalar maydonchalari barpo etildi. “Yashil hudud” loyihasi asosida sug‘orish tizimlari yangilanib, hudud to‘liq ko‘kalamzorlashtirildi.
Tashrif yakunida aholi bilan muloqot o‘tkazilib, ushbu mahalla tajribasini shaharning boshqa hududlarida ham keng joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
