Barqaror rivojlanishning 10-maqsadi (SDG 10 – Reduced Inequalities) barcha insonlar uchun irqi, millati, dini, jinsi, tili yoki jismoniy imkoniyatidan qat’i nazar teng huquq va imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan. Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti ushbu maqsadni amalga oshirishni o‘zining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab, inklyuziv ta’lim, ijtimoiy himoya, gender tengligi va xalqaro hamkorlikni izchil rivojlantirib kelmoqda.
Universitetda Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Pokiston, Bangladesh va boshqa davlatlardan kelgan xorijiy talabalar mahalliy talabalar bilan teng huquqlarda tahsil oladilar. Ularning universitet hayotiga moslashuvi uchun Xalqaro hamkorlik bo‘limi tomonidan doimiy ko‘mak ko‘rsatiladi hamda xorijiy talabalar talabalar turar joyida bepul yashash imkoniyatiga ega.
Universitet inklyuziv ta’lim tamoyillariga qat’iy amal qiladi. Imkoniyati cheklangan talabalar uchun barcha o‘quv binolari panduslar, liftlar va maxsus sanitariya xonalari bilan jihozlangan. Ular barcha talabalar bilan teng sharoitda ta’lim oladi, huquqlari doimiy himoya qilinadi hamda kontrakt to‘lovlaridan to‘liq ozod etilgan. Shuningdek, imkoniyati cheklangan hamda boquvchisini yo‘qotgan talabalar uchun universitet tomonidan har oy stipendiya va moddiy yordam ajratiladi.
Gender tengligini ta’minlash universitetning muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Universitetda gender tengligi bo‘yicha ichki me’yoriy hujjatlar amal qiladi. Hozirgi kunda universitetda 27 nafar ayol rahbar faoliyat yuritmoqda va ayollar umumiy xodimlarning 34 foizini tashkil etadi. Universitetda barcha xodimlar va talabalar uchun jinsidan qat’i nazar teng huquq va imkoniyatlar kafolatlangan.
Universitetda millati, irqi, dini, fuqaroligi, tili yoki jinsidan qat’i nazar barcha talabalar va xodimlarga nisbatan teng munosabat ta’minlanadi. Diskriminatsiyaning har qanday ko‘rinishiga yo‘l qo‘yilmaydi va bu siyosat universitet rahbariyati tomonidan doimiy nazorat qilinadi.
Universitet xalqaro hamkorlikni keng rivojlantirib, Indoneziya, Malayziya, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, AQSH, Germaniya, Vengriya hamda ERASMUS+ dasturi doirasidagi universitetlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Ushbu hamkorliklar asosida professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik almashinuv, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va malaka oshirish dasturlarida muntazam ishtirok etadilar. Xitoyning hamkor universitetlari talabalari akademik mobillik dasturi asosida universitetga tashrif buyurgan bo‘lsa, universitet talabalari ham hamkor davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida akademik mobillik dasturlarida muntazam qatnashib kelmoqda.
Talabalarning xalqaro mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish maqsadida Work and Travel hamda xorijiy haq to‘lanadigan amaliyot dasturlari yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, xorijiy talabalar uchun o‘zbek tili, barcha talabalar uchun esa ingliz, rus, nemis, yapon va xitoy tillari bo‘yicha bepul til kurslari tashkil etilgan.
Universitet iqtidorli talabalarni davlat stipendiyalari va xalqaro grant dasturlarida faol ishtirok etishga rag‘batlantiradi. Talabalar farovonligini ta’minlash maqsadida professional psixologlar tomonidan bepul psixologik maslahat xizmatlari ko‘rsatiladi. Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash maqsadida Karyera markazi faoliyat yuritadi va har yili mehnat yarmarkalari tashkil etiladi. Natijada universitet bitiruvchilarining 90 foizi ish bilan ta’minlangan.
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti inklyuziv ta’lim, teng imkoniyatlar, xalqaro hamkorlik va ijtimoiy himoyani izchil rivojlantirish orqali BMTning SDG 10 – Reduced Inequalities maqsadlarini amalga oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Powered By EmbedPress
Powered By EmbedPress
🌍 Xalqaro hamkorlik: talabalarimiz Qozog‘istonda
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti talabalari xalqaro akademik mobillik dasturi doirasida Qozog‘iston milliy agrar tadqiqot universiteti (KazNARU)da tahsil olishni boshladilar.
Dastur davomida talabalarimiz tajribali mutaxassislar ishtirokidagi ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarda qatnashib, sohaviy bilim va ko‘nikmalarini boyitmoqdalar. Shuningdek, xorijlik talabalar va professor-o‘qituvchilar bilan o‘zaro fikr almashib, xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlamoqdalar.
O‘qishdan bo‘sh vaqtlarida esa yoshlarimiz Qozog‘istonning boy tarixi, madaniyati hamda diqqatga sazovor maskanlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.
Bunday xalqaro dasturlar yoshlarning tajribasini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish va kelajakda raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib shakllanishida juda muhim ahamiyat kasb etadi.
🎗 TDMAUda Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan parasport musobaqasi o‘tkazildi
3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida jismoniy imkoniyati cheklangan talaba-yoshlar o‘rtasida “Rektor kubogi” uchun parasport musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar darts, shashka va stol tennisi bo‘yicha bellashib, o‘z mahoratlarini namoyon etdilar.
Tadbir viloyat Adaptiv sport turlari boshqarmasi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi viloyat bo‘limi hamda universitetning “Muhandislar” sport klubi hamkorligida tashkil etildi.
Musobaqa yakunida g‘oliblar aniqlanib, ularga diplom, medal va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbir yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qildi.
G’oliblar munosib taqdirlandi
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida imkoniyati cheklangan talabalar o‘rtasida parasport turlari bo‘yicha «Rektor kubogi» sport musobaqalari g’oliblikni qo’lga kiritgan talaba-yoshlar munosib taqdirlandilar.
