Shahar va aholi yashash joylarining ochiqligi, xavfsizligi, mustahkamligi va ekologik barqarorligini ta’minlash
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasidagi SDG 11 (Sustainable Cities and Communities) xavfsiz, inklyuziv, barqaror va ekologik jihatdan sog‘lom shahar hamda jamoalarni rivojlantirishga qaratilgan. Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti ushbu maqsadni amalga oshirish maqsadida zamonaviy kampus infratuzilmasini rivojlantirish, xavfsizlikni ta’minlash, yashil hududlarni kengaytirish, madaniy merosni asrash va barcha uchun qulay ta’lim muhitini yaratish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.
Universitet kampusi zamonaviy o‘quv binolari, talabalar turar joylari, axborot-resurs markazi, laboratoriyalar, sport inshootlari va keng ko‘kalamzorlashtirilgan hududlardan iborat bo‘lib, talabalar va xodimlar uchun xavfsiz hamda qulay muhit yaratilgan. Kampus hududida piyodalar yo‘laklari, energiya tejamkor LED yoritish tizimlari, dam olish maskanlari va yashil maydonlar muntazam rivojlantirilmoqda.
Universitet hududining xavfsizligini ta’minlash maqsadida barcha o‘quv binolari va talabalar turar joylari zamonaviy videokuzatuv tizimlari bilan jihozlangan. Kampusning barcha kirish va chiqish joylarida qo‘riqlash xizmati faoliyat yuritadi hamda hududga kiruvchi va chiquvchi shaxslar doimiy nazorat qilinadi. Yong‘in xavfsizligi tizimlari va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik choralari muntazam takomillashtirib boriladi.
Universitet inklyuziv ta’lim tamoyillariga amal qiladi. Barcha asosiy binolar panduslar, liftlar va maxsus sanitariya xonalari bilan jihozlangan bo‘lib, imkoniyati cheklangan talabalar kampus infratuzilmasidan to‘siqlarsiz foydalanish imkoniyatiga ega.
Talabalar turar joylari zamonaviy yashash sharoitlari, yuqori tezlikdagi internet, o‘quv xonalari, sport va dam olish hududlari bilan ta’minlangan. Axborot-resurs markazi esa bosma va elektron adabiyotlar, elektron kutubxona hamda raqamli ta’lim resurslari orqali talabalar va tadqiqotchilar uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Universitet Surxondaryo viloyatining madaniy merosini asrash va targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratadi. Navro‘z, milliy bayramlar, madaniy festivallar, ko‘rgazmalar va ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etilib, «Buyuk shaxslar xiyoboni» yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, mahalliy aholi universitetning sport, madaniy va ma’rifiy tadbirlarida faol ishtirok etadi.
Ko‘kalamzorlashtirish, daraxt ekish, hududlarni obodonlashtirish va ekologik toza kampusni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar universitetning barqaror rivojlanish siyosatining muhim qismi hisoblanadi. Ushbu chora-tadbirlar orqali Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti SDG 11 – Sustainable Cities and Communities maqsadlarini amalga oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Universitet jamoasi tomonidan ijarada va talabalar turar joylarida istiqomat qilayotgan yoshlarning yashash sharoitlari muntazam ravishda o‘rganib borilmoqda.

Ushbu o‘rganishlar jarayonida talabalar yashash muhitining qulayligi, xavfsizlik darajasi, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilinishi, shuningdek, talabalarning o‘qish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalalari atroflicha tahlil qilinmoqda.

Shuningdek, talabalar bilan ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar tashkil etilib, ularga hayotiy qiyinchiliklarga sabr bilan yondashish, kelajakka umid bilan qarash, faol va mas’uliyatli bo‘lish bo‘yicha muhim tavsiyalar berilmoqda.

Talabalarga yongʻin va gaz xavfsizligi boʻyicha amaliy tushuntirishlar berilmoqda

Talabalarning munosib va xavfsiz yashash sharoitlarini taʻminlash maqsadida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida ijara xonadonlarini oʻrganish ishlari izchil davom etmoqda.

Bugun Energetika va sanoat muhandisligi fakulteti dekani Rashid Rahimov boshchiligida dekan o’rinbosarlari va tyutorlar talabalar istiqomat qilayotgan xonadonlardagi sharoitlarni, ularda xavfsizlik qoidalariga rioya qilinishi holatini oʻrganishdi.

Muloqot chogʻida masʻullar yongʻin xavfsizligi qoidalari, is gazidan himoya chorasi, elektr jihozlaridan xavfsiz va toʻgʻri foydalanish boʻyicha talabalarga tushuntirishlar berdilar.

“Qalqon” — talabalar xavfsizligi yo‘lida ishonchli jamoa

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan “Qalqon” jamoatchilik guruhi faoliyat yuritmoqda.

Faol va tashabbuskor talabalardan iborat ushbu jamoa universitet hududi hamda unga tutash joylarda jamoat tartibini saqlash, talabalarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va piyodalar xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Mazkur sa’y-harakatlar universitetda sog‘lom muhitni shakllantirish va talabalarning xavfsiz, xotirjam ta’lim olishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.