Barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik: Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida xalqaro hamkorlik va strategik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanishning 17-maqsadi (SDG 17 – Barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik) barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, moliyaviy resurslarni safarbar etish hamda davlatlar, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar va boshqa manfaatdor tomonlar o‘rtasida samarali sheriklikni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti xalqaro hamkorlikni rivojlantirishni o‘zining ustuvor strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan bo‘lib, ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar, akademik almashinuv va investitsiyalarni jalb etish orqali Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga faol hissa qo‘shib kelmoqda.
Bugungi kunda universitet Xitoy, Rossiya, Qirg‘iziston, Yaponiya, Qozog‘iston, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Tojikiston, Vengriya, Indoneziya va Malayziya davlatlarining nufuzli oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy tashkilotlari bilan xalqaro hamkorlik shartnomalarini imzolagan. Mazkur hamkorliklar professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik almashinuvini rivojlantirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, malaka oshirish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etishga xizmat qilmoqda.
Xalqaro hamkorlikning muhim natijalaridan biri sifatida Shimoliy Xitoy energetika universiteti bilan energetika yo‘nalishida magistratura bosqichi uchun qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur dastur orqali magistrantlar xalqaro standartlarga mos ta’lim olish, zamonaviy ilmiy laboratoriyalarda faoliyat yuritish va xorijiy professorlar tajribasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Universitet professor-o‘qituvchilarining xalqaro ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida 2026-yilda 19 nafar professor-o‘qituvchi dunyoning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy muassasalarida malaka oshirish stajirovkalarida ishtirok etdi hamda nufuzli xalqaro konferensiyalar, seminarlar va ilmiy forumlarda universitet nomidan qatnashdi. Ushbu stajirovkalar va xalqaro ilmiy aloqalar ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy tajribalarni o‘quv jarayoniga joriy etish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Universitet xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy investitsiyalar va grant mablag‘larini jalb etishga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, 2026-yilning dastlabki olti oyi davomida universitet tomonidan 652 ming AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar va grant mablag‘lari jalb qilindi. Mazkur mablag‘lar ta’lim va ilmiy infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy laboratoriyalarni jihozlash, innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda universitetning xalqaro raqobatbardoshligini oshirishga yo‘naltirilmoqda.
Shuningdek, universitet xalqaro hamkorlik doirasida professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik mobilligini rivojlantirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xorijiy ekspertlarni jalb qilish, xalqaro grant dasturlarida ishtirok etish hamda barqaror rivojlanish maqsadlariga qaratilgan innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining xalqaro universitetlar, ilmiy markazlar, davlat tashkilotlari va xorijiy hamkorlar bilan yo‘lga qo‘ygan samarali hamkorlik aloqalari ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va institutsional rivojlanishni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Mazkur hamkorliklar universitetning xalqaro nufuzini oshirish bilan birga, **BMTning Barqaror rivojlanishning 17-maqsadi – Barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik (SDG 17)**ni amalga oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
TDMAU vakillari Ozarbayjondagi ko‘rgazmada muvaffaqiyatli ishtirok etdi
Boku shahrida 23–24-may kunlari “Study in Uzbekistan” loyihasi doirasida “O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlarining III ko‘rgazmasi” bo‘lib o‘tdi. Unda Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti delegatsiyasi faol qatnashdi.
Tadbirdan maqsad – O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini targ‘ib qilish va xorijiy talabalarni jalb etishdan iborat. Ko‘rgazma davomida universitet vakillari ozarbayjonlik yoshlar va hamkor tashkilotlarga ta’lim yo‘nalishlari, xalqaro dasturlar, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda ilmiy-innovatsion salohiyat haqida ma’lumot berdilar.
Ushbu tashrif universitetning xalqaro nufuzini oshirish hamda Ozarbayjon bilan ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qildi.
TDMAUda AQSh tajribasi asosida Xalqaro urug‘chilik fanlari markazi tashkil etiladi
AQShning nufuzli Ayova shtati universiteti (ISU) rasmiy veb-saytida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti (TDMAU) bilan hamkorlikda Xalqaro urug‘chilik fanlari markazini tashkil etish haqida maqola e’lon qilindi.
Loyiha Amerikaning 135 yillik tajribaga ega Seed Science Center andozasi asosida amalga oshirilib, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda urug‘chilik sohasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi innovatsiyalarini kengaytirish hamda ilmiy tadqiqotlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Markaz faoliyati uchun TDMAUda qariyb 50 gextar tajriba maydoni ajratildi. Bu yerda amerikalik olimlar bilan hamkorlikda urug‘ sifati, hosildorlik va iqlimga chidamli yangi navlar bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi.
Hamkorlik doirasida professor-o‘qituvchilar AQShda malaka oshiradi, zamonaviy urug‘chilik texnologiyalari ta’lim jarayoniga joriy etiladi hamda xalqaro ilmiy jurnallarda qo‘shma tadqiqotlar e’lon qilinadi.
Mazkur tashabbus TDMAUning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirish va universitetning THE World University Rankings TOP-1000 reytingiga kirish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri sifatida baholanmoqda.
#Hamkorlik_aloqalari
Temiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig’i Najmiddinov Asliddin Vengriya Respublikasining Debresen universitetiga tashrif buyurib, unda mazkur universitet rahbariyati bilan o’zaro memorandumlar imzolanib, talabalar almashinuvi, xalqaro loyihalar, ilmiy sohalardagi hamkorliklar hamda qo’shma ta’lim dasturlari bo’yicha hamkorlik aloqalari kelishib olindi.Vengriyaning Debretsen shahrida joylashgan universitetdir.Universitet tashkil topishi Debretsen shahrida 1538-yilda tashkil etilgan Kalvinistlar kolleji bilan boshlangan. Asrlar davomida universitet Vengriyadagi asosiy oliy taʼlim muassasalaridan biri boʻlgan. XX-asrning boshlarida kollej universitetga aylantirilgan va hozirgi Kalvinistlar kollejining Debretsen islohot qilingan diniy universiteti bilan mustahkam aloqa va hamkorlikka ega hisoblanadi
#xizmat_safari
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida professor-o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish, xorijiy tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Transport muhandisligi va logistika kafedrasi mudiri Sh.Abdiqadirov, ushbu kafedraning katta o‘qituvchisi A.Abdirashidov, Muhandislik va kompyuter grafikasi kafedrasi mudiri O.Qarshiyev, Atrof-muhit muhandisligi va hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi professor-o‘qituvchilari S.Omandavlatov hamda G’.Ibroximovlar K.I.Satpayev nomidagi Qozog‘iston Milliy texnik tadqiqot universitetida xizmat safarida bo‘lib turishibdilar.
Ushbu xizmat safari davomida delegatsiya a’zolari nafaqat tajriba almashish, balki o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Qozog‘iston-Britaniya texnika universiteti hamda Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universitetida ham bo‘lishdi.
🌏 Gonkong delegatsiyasi TDMAUda!
🇨🇳 Bugun Surxondaryo viloyatiga kelgan Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus ma’muriy hududi hamda “Harvest Epoch Strategic (International) Investment Limited”, “JDB Group Limited”, “SRK Consulting” kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetiga tashrif buyurdi.
🎓 Mehmonlar universitet rektori Rasul To‘rayev hamrohligida Surxon geologiya muzeyi faoliyati bilan tanishib, vohaning boy tabiiy resurslari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi.
📊 Tashrif doirasida o‘tkazilgan taqdimotda viloyatning iqtisodiy salohiyati, foydali qazilmalar zahirasi, infratuzilma imkoniyatlari, investitsiya uchun istiqbolli loyiha takliflari taqdim etildi.
📈 Ushbu uchrashuv universitetning ilmiy salohiyatini xalqaro hamkorlik orqali yanada mustahkamlash va yangi investitsiya loyihalari yordamida ta’lim hamda ilmiy infratuzilmani rivojlantirishga xizmat qiladi.
VIII Energetika konferensiyasi ishtirokchilari Pekindagi zamonaviy korxona faoliyati bilan tanishdi
Bugun Shanxay hamkorlik tashkiloti universitetlarining VIII Energetika konferensiyasi ishtirokchilari Xitoyning Pekin shahrida joylashgan CENTER INTERNATIONAL GROUP CO., LTD. kompaniyasiga tashrif buyurishdi.
Delegatsiya a’zolari kompaniya faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari va innovatsion texnologiyalar bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, zamonaviy quyosh panellari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va kelajakdagi qo‘shma loyihalar uchun muhim yo‘nalish sifatida baholandi.
Shuningdek, tomonlar o‘zaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan muzokaralar olib bordilar. Еnergetika va qurilish sohalaridagi qo‘shma loyihalar, ekologik toza texnologiyalarni rivojlantirish hamda ilmiy-tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
🇮🇷Fors viloyati hokimi boshchiligidagi Eron delegatsiyasi TDMAUda!
Surxondaryo viloyatida boʻlib turgan Eron Islom Respublikasining Fors viloyati hokimi Huseyn Ali Amiriy boshchiligidagi delegatsiya Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetiga ham tashrif buyurdi.
Mehmonlar universitet rektori Rasul Toʻrayev hamrohligida Surxon geologiyasi muzeyi faoliyati bilan tanishib, mintaqa geologik boyliklari haqida muhim maʼlumotlar olishdi.
Shundan soʻng, ikki mintaqa oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan biznes-forum oʻtkazildi. Unda viloyat hokimining oʻrinbosari Sherali Joʻrayev, oliy taʼlim muassasalari rahbarlari va ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi. Forum doirasida har ikki viloyatning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatiga bagʻishlangan taqdimotlar oʻtkazildi.
Muloqot chogʻida hududlararo iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, investitsiyalar jalb qilish, shuningdek, turizm va biznes sohalaridagi imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan qator tashabbuslar muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, ikki viloyat universitetlari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari haqida fikr almashib, oʻzaro akademik almashinuv, qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishga kelishib oldilar.
TDMAU hamda Krasnoyarsk davlat agrar universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Amaliy tashrif bilan Surxondaryo viloyatida bo‘lib turgan Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi sanoat va savdo vaziri Maksim Ermakov hamda qishloq xo‘jaligi vaziri Dmitriy Voropayev boshchiligidagi delegatsiya bugun Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetiga tashrif buyurdi.
Mehmonlar viloyat hokimining o‘rinbosari Sherali Jo‘rayev hamda universitet rektori Rasul To‘rayev hamrohligida Surxon geologiyasi muzeyi faoliyati bilan tanishdilar. Ularga viloyatning geologik xususiyatlari va tabiiy boyliklari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tashrif doirasida ikki hudud o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida Surxondaryo – Krasnoyarsk savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-ma’rifiy forum tashkil etildi. Forumda ikki tomon delegatsiyalari hamda ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati va Krasnoyarsk o‘lkasi savdo-iqtisodiy, engil sanoat, qishloq xo‘jaligi va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi, istiqbolli investitsion loyihalar bilan tanishuvlar tashkil etildi.
Forum doirasida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti rektori Rasul To‘rayev hamda Krasnoyarsk davlat agrar universiteti prorektori Mariya Ozerova ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy, ta’limiy, innovatsion va madaniy sohalarda doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan memorandumni imzoladilar.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida B2B uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi, bu esa ikki hududdagi ishbilarmonlik aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
