Keng qamrovli va barqaror iqtisodiy o‘sish hamda barcha uchun bandlik va munosib mehnat qilish imkoniyatlarini ta’minlash
Barqaror rivojlanishning 8-maqsadi (SDG 8 – Decent Work and Economic Growth) iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash, samarali va munosib mehnat imkoniyatlarini yaratish, yoshlar bandligini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda innovatsiyalarni rag‘batlantirish orqali barqaror iqtisodiy taraqqiyotga erishishni nazarda tutadi. Mazkur maqsad iqtisodiy rivojlanishning faqat yalpi ichki mahsulot o‘sishi bilan emas, balki inson kapitalini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, mehnat bozorining zamonaviy talablariga mos malakali mutaxassislarni tayyorlash va barcha fuqarolar uchun munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash bilan chambarchas bog‘liqdir.
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti SDG 8 maqsadlarini amalga oshirishni o‘zining strategik rivojlanish siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan. Universitet zamonaviy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar, ishlab chiqarish bilan integratsiya va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali hudud va mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. Universitetning asosiy maqsadi mehnat bozorida yuqori talabga ega bo‘lgan, amaliy ko‘nikmalarga ega, innovatsion fikrlaydigan va xalqaro standartlar asosida faoliyat yurita oladigan raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.
Universitetda muhandislik, energetika, agrotexnologiyalar, iqtisodiyot, veterinariya, o‘rmon xo‘jaligi, qurilish, konchilik, mexanika va boshqa ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha zamonaviy ta’lim dasturlari amalga oshirilmoqda. Ta’lim jarayoni ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘langan bo‘lib, talabalar o‘qish davomida korxonalar, tashkilotlar va ishlab chiqarish obyektlarida amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega. Nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish natijasida bitiruvchilarning mehnat bozoriga moslashuvi va ish bilan ta’minlanish darajasi sezilarli darajada oshmoqda.
Universitet bitiruvchilarining bandligini ta’minlash maqsadida davlat va xususiy sektor korxonalari, sanoat tashkilotlari, agroklasterlar, banklar, qurilish kompaniyalari, energetika korxonalari va boshqa ish beruvchi tashkilotlar bilan keng ko‘lamli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi kunda universitet 250 dan ortiq korxona va tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan bo‘lib, ushbu hamkorlik talabalar uchun malakaviy amaliyotlar, ishlab chiqarish stajirovkalari, dual ta’lim elementlari hamda bitiruvchilarning doimiy ish bilan ta’minlanishiga xizmat qilmoqda.
Universitetda har yili an’anaviy ravishda «Karyera kuni» (Career Day) va mehnat yarmarkalari tashkil etiladi. Mazkur tadbirlarda yirik ish beruvchi tashkilotlar, davlat idoralari, ishlab chiqarish korxonalari, bank-moliya muassasalari, qurilish kompaniyalari, qishloq xo‘jaligi klasterlari, energetika korxonalari hamda xususiy sektor vakillari ishtirok etadi. Karyera kunlari davomida ish beruvchilar o‘z faoliyati, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, amaliyot dasturlari va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari haqida taqdimotlar o‘tkazadi. Talabalar va bitiruvchilar ish beruvchilar bilan bevosita suhbatlardan o‘tib, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashish yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelishuvlarga erishadilar. Ko‘plab bitiruvchilar aynan Karyera kuni tadbirlari orqali ish beruvchilar tomonidan tanlab olinib, universitetni tamomlaganidan so‘ng doimiy ishga qabul qilinadi. Ushbu tizim universitet bitiruvchilarining bandligini oshirish, yoshlar ishsizligini kamaytirish va mehnat bozorining ehtiyojlariga mos mutaxassislar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.Talabalarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish maqsadida universitet tomonidan ishlab chiqarish amaliyotlari, malakaviy stajirovkalar va dual ta’lim dasturlari muntazam ravishda tashkil etiladi. Talabalar real ishlab chiqarish jarayonlarida ishtirok etib, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash, muammolarni amaliy hal etish va jamoada ishlash ko‘nikmalarini egallaydilar. Bu esa ularning bitirgandan so‘ng qisqa muddat ichida ish bilan ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Universitet xalqaro hamkorlik doirasida ham talabalar bandligini qo‘llab-quvvatlamoqda. Germaniya, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlardagi hamkor universitetlar hamda tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar asosida talabalar xalqaro amaliyot va haq to‘lanadigan stajirovkalarda ishtirok etmoqda. Xususan, Germaniya qishloq xo‘jaligi korxonalarida tashkil etilgan haq to‘lanadigan amaliyot dasturlari talabalarga zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish, xalqaro tajriba orttirish va daromad topish imkoniyatini yaratmoqda. Bunday dasturlar bitiruvchilarning xalqaro mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Universitet innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratadi. Talabalar va yosh olimlarning innovatsion g‘oyalari startap loyihalar, biznes-inkubatsiya dasturlari, mentorlik tizimi va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish mexanizmlari orqali qo‘llab-quvvatlanadi. Professor-o‘qituvchilar tomonidan yaratilayotgan ilmiy ishlanmalar ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda amaliyotga joriy etilib, yangi ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy samaradorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.
Universitet ilmiy salohiyatining iqtisodiy natijadorligini ta’minlash maqsadida konsalting, muhandislik xizmatlari va ilmiy-texnik ekspertiza faoliyatlarini ham rivojlantirmoqda. Xususan, energetika auditi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy loyihalar sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirishga xizmat qilish bilan birga universitetning byudjetdan tashqari mablag‘larini ko‘paytirishga ham munosib hissa qo‘shmoqda. Mazkur mablag‘lar yangi laboratoriyalar tashkil etish, ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va talabalar uchun zamonaviy ta’lim muhitini yaratishga yo‘naltirilmoqda.
Universitetda barcha xodimlar uchun xavfsiz va munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat qonunchiligiga qat’iy rioya etish, kasbiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha muntazam ishlar olib boriladi. Professor-o‘qituvchilar va xodimlar xalqaro treninglar, malaka oshirish kurslari va ilmiy stajirovkalarda ishtirok etib, o‘z kasbiy salohiyatini muntazam rivojlantirib boradilar.
Kelgusida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti ish beruvchilar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, Karyera markazi faoliyatini takomillashtirish, xalqaro kompaniyalar ishtirokida mehnat yarmarkalarini tashkil etish, talabalar bandligi monitoringini kuchaytirish, startap ekotizimini rivojlantirish, kichik innovatsion korxonalar faoliyatini kengaytirish hamda bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanish darajasini yanada oshirishni o‘z oldiga ustuvor vazifa qilib qo‘ygan. Universitet ushbu faoliyati orqali barqaror iqtisodiy o‘sish, munosib mehnat, yoshlar bandligi va innovatsion rivojlanishni ta’minlashga munosib hissa qo‘shib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining SDG 8 maqsadlarini izchil amalga oshirib kelmoqda.
Fakultetda bugungi kunda quyidagi kafedralar faoliyat yuritadi:
Metrologiya va texnologik mashinalar, Transport muhandisligi va logistika, Muhandislik va kompyuter grafikasi, Avtomatlashtirish va boshqarish, Neft-gaz va konchilik ishi kafedrasi. Fakultet tarkibida bugungi kunda 81 nafar professor-o‘qituvchilar (shundan 1 nafar professor, 16 nafari fan nomzodi dotsent) talabalarga tahsil berib kelishmoqda.
Fakultet tarixi
Fakultet Qurilish va transport tizimlari nomi bilan 2017-yilda tashkil etilgan bo‘lib 2020-yil yanvar oyida Kengash qarori bilan fakultet nomi “Energetika va transport tizimlari” fakultetga o‘zgardi. 2022-yil avgust oyida shu fakultet negizida “Mexanika” fakulteti tashkil etildi. 2024-yil 18-iyul kunidagi PQ-265-sonli Prezident qaroriga asosan Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti tashkil etilib, hozirda fakultet “Mexanika va konchilik ishi” nomi bilan yuritib kelinmoqda. Fakultetda 12 ta bakalavr va 1 ta magistratura ta’lim yo‘nalishlarida mutaxassis kadrlar tayyorlanmoqdi. Jami talabalar soni kunduzgi ta’lim shaklida 1251 nafarni tashkil etadi.
O‘quv jarayoni
Mexanika va konchilik ishi fakultetida bugungi kunda Transport vositalari muhandisligi (turlari bo‘yicha), Texnologik mashinalar va jihozlar, Metrologiya va standartlashtirish, Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, Marksheyderlik ishi, Konchilik ishi, Konchilik elektr mexanikasi, Neft va gaz ishi, Foydali qazilma konlari geologiyasi, qidiruv va razvedkasi, Yoʻl harakatini tashkil etish, Transport logistikasi (avtomobil transporti), Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha zamon talablariga javob beradigan raqobatbardosh mutaxassis-kadrlar tayyorlanmoqda.
Magistratura
Fakultetda Yer usti transport vositalari va tizimlari mutaxassisligi bo‘yicha magistrantlar tayyolanib kelinmoqda.
Talabalar kontingenti
Fakultetda 1251 nafar talaba ta’lim olmoqda: shundan: 101 nafari qizlar va
1167 nafari o‘gil bolalardir. Fakultetda ustoz-shogird an’anasiga amal qilingan holda ishlar yo‘lga qoyilgan bo‘lib, professor-o‘qituvchilar 13 nafar iqtidorli talabalarning ilmiy izlanishlariga raxbarlik qilmoqdalar.
Agrobiologiya fakultetida bitiruvchi talabalar uchun “Karyera kuni” tashkil etildi
Tadbirda Surxondaryo viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi hamda “QUMTEKS INVEST” MCHJ va Agrosanoatni rivojlantirish agenligi Surxondaryo viloyati bo’limi vakillari ishtirok etishdi. Mutaxassislar talabalarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, mehnat faoliyati yo‘nalishlari va ishga qabul qilish tartiblari haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Amaliy qismda talabalar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha laboratoriya jihozlari, urug‘lik namunalari va ilmiy ishlanmalar ko‘rgazmasini namoyish etishdi. Ish beruvchilar yosh mutaxassislarning salohiyati bilan yaqindan tanishib, ularga kelajakdagi faoliyatlari uchun zarur tavsiyalar berishdi.
Ushbu uchrashuv bitiruvchilarning bandligini ta’minlash va nazariy bilimlarni amaliyot bilan bog‘lashda muhim maydon vazifasini o‘tadi.
TDMAUda “Karyera kuni” va mehnat yarmarkasi boʻlib oʻtmoqda
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida bitiruvchi yoshlar bandligini taʼminlashga qaratilgan boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi qizgʻin davom etmoqda.
Tadbirda 120 dan ortiq hamkor korxona va tashkilotlar oʻz vakansiyalari bilan ishtirok etmoqda. Ayni paytda ish beruvchilarning koʻrgazmalari namoyish etilib, talabalar boʻsh ish oʻrinlari bilan yaqindan tanishmoqdalar.
Boʻlajak mutaxassislar va korxona vakillari oʻrtasida B2B formatdagi suhbatlar oʻtkazilib, ishga qabul qilinayotgan talabalar bilan dastlabki mehnat shartnomalari imzolanmoqda. Shuningdek, oʻz biznesini boshlamoqchi boʻlgan yoshlarga imtiyozli kreditlar boʻyicha tavsiyalar berilmoqda.
Tadbir doirasida «Ochiq eshiklar kuni» ham tashkil etilib, umumiy oʻrta taʼlim maktablari bitiruvchilari universitetdagi zamonaviy sharoitlar, taʼlim yoʻnalishlari va keng imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirilmoqda.
Bandlik va istiqbol: Universitetda soha rahbarlari va bitiruvchilar uchrashuvi oʻtkazildi
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida «Karyera kuni» va boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi doirasida yalpi yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda universitet rektori v.v.b. M.Majidov, viloyat va shahar hokimliklari, bandlik bosh boshqarmasi masʼullari hamda “Oʻzmilliybank” AJ, Hayvonlar kasalliklari tashxisi markazi, “AGRO PROCESSING GROUP” MCHJ kabi yirik tashkilot va korxona rahbarlari ishtirok etdi.
Muloqotda ish beruvchilar bitiruvchilarga mavjud boʻsh ish oʻrinlari, ijtimoiy sharoitlar va imtiyozlar haqida maʼlumot berib, zamonaviy kadrlar uchun xorijiy tillar, kompyuter savodxonligi va jamoada ishlash koʻnikmalari zarurligini taʼkidladilar hamda yoshlarni oʻz ustida tinimsiz ishlashga, quyi bosqichlardan ish boshlab, tajriba orttirishga chaqirdilar.
Tadbir davomida yuqori natijalarga erishgan talabalar ham soʻzga chiqib, tengdoshlariga motivatsiya berdilar, yakunda esa yaqindan hamkorlik uchun tashkilotlar rahbarlariga universitetning tashakkurnomalari topshirildi.
