Muhandislik va agrotexnologiyalar yo’nalishidagi ilmiy salohiyatdan kelib chiqib, universitet barqaror qishloq xo’jaligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi. Tajriba maydonlari va ilmiy laboratoriyalarda organik dehqonchilik texnologiyalarini rivojlantirish, suvni tejovchi sug’orish tizimlarini joriy etish, organik chiqindilardan kompost tayyorlash, Precision Agriculture (Aniq dehqonchilik) texnologiyalaridan foydalanish, tuproq unumdorligini monitoring qilish hamda chorvachilikni barqaror rivojlantirish bo’yicha ilmiy tadqiqotlar va amaliy loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu faoliyatlar tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bilan bir qatorda ekologik toza va sifatli qishloq xo’jaligi mahsulotlarini yetishtirishga xizmat qilmoqda.
Universitetda barqaror rivojlanish tamoyillarini keng targ’ib qilish maqsadida professor-o’qituvchilar, talabalar va yosh tadqiqotchilar ishtirokida muntazam treninglar, seminarlar, amaliy workshoplar, mahorat darslari va ekologik xabardorlik kampaniyalari tashkil etiladi. Mazkur tadbirlar orqali resurslarni tejash, chiqindilarni kamaytirish, qayta ishlash madaniyatini shakllantirish va ekologik mas’uliyatni oshirish bo’yicha bilim va ko’nikmalar mustahkamlanadi.
Universitet oshxonalari faoliyatida ham mas’uliyatli iste’mol tamoyillari qo’llaniladi. Oziq-ovqat mahsulotlarini oqilona rejalashtirish, porsiyalarni me’yor asosida taqsimlash, oshxona chiqindilarini muntazam monitoring qilish hamda organik chiqindilarni kompostlash orqali oziq-ovqat isrofini kamaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Bu yondashuv resurslardan samarali foydalanish va chiqindilar hajmini kamaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, universitetda talabalar va yosh olimlarning ekologik innovatsion g’oyalari qo’llab-quvvatlanadi. Yashil texnologiyalar, ekologik muhandislik, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, suvni tejovchi texnologiyalar va resurslardan samarali foydalanishga qaratilgan innovatsion loyihalar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilmoqda. Ilmiy izlanishlar va startap tashabbuslari orqali universitet barqaror ishlab chiqarish va mas’uliyatli iste’mol madaniyatini rivojlantirishga munosib hissa qo’shib kelmoqda.
Mazkur tashabbuslar Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida Birlashgan Millatlar Tashkilotining 12-maqsadi – «Mas’uliyatli iste’mol va ishlab chiqarish» tamoyillarini amalda ro’yobga chiqarish, tabiiy resurslarni asrash, ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda kelajak avlodlar uchun barqaror rivojlanishni qo’llab-quvvatlash yo’lidagi tizimli faoliyatning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

SDG 12. MAS’ULIYATLI ISTE’MOL VA ISHLAB CHIQARISH
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni kamaytirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda barqaror ishlab chiqarish tamoyillarini joriy etish universitet rivojlanish strategiyasining ustuvor yo’nalishlaridan biri hisoblanadi. Universitet o’z faoliyatida tabiiy resurslardan samarali foydalanish, energiya va suv iste’molini qisqartirish, chiqindilarni qayta ishlash, qog’ozsiz boshqaruv tizimini rivojlantirish hamda ekologik mas’uliyatni oshirishga qaratilgan kompleks choralarni izchil amalga oshirib kelmoqda.
Universitetda xarid siyosati ekologik barqarorlik tamoyillari asosida shakllantirilgan bo’lib, yangi jihozlar va texnik vositalarni xarid qilishda energiya tejamkor uskunalar, LED yoritish tizimlari, ekologik xavfsiz ofis jihozlari hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlariga ustuvorlik beriladi. Barcha o’quv binolari va ma’muriy binolarda energiyadan samarali foydalanish holati muntazam monitoring qilinadi. Energiya sarfi bo’yicha ichki audit ishlari universitet professor-o’qituvchilari va mutaxassislari tomonidan olib borilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda energiya samaradorligini oshirish yuzasidan amaliy tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Universitetda raqamli transformatsiya to’liq joriy etilgan bo’lib, barcha o’quv va ma’muriy jarayonlar HEMIS axborot tizimi orqali boshqariladi. Talabalar dars jadvallari, fanlardan olgan reyting natijalari, transkriptlari, akademik ma’lumotnomalari, turli rasmiy hujjatlari va boshqa xizmatlarni elektron shaklda oladilar. Nazorat ishlari, test sinovlari va ko’plab baholash jarayonlari kompyuter texnologiyalari asosida elektron tarzda o’tkaziladi. Ushbu tizim qog’oz hujjatlar hajmini sezilarli darajada kamaytirib, resurslardan oqilona foydalanish hamda zamonaviy «Paperless University» konsepsiyasini amaliyotga tatbiq etishga xizmat qilmoqda.
Kampus hududlarida chiqindilarni saralab yig’ish tizimi to’liq yo’lga qo’yilgan. Barcha fakultetlar, laboratoriyalar, ma’muriy binolar, talabalar turar joylari va jamoat hududlarida qog’oz, plastik va maishiy chiqindilar uchun alohida konteynerlar o’rnatilgan. Saralangan chiqindilar shartnoma asosida qayta ishlash korxonalariga topshiriladi. Elektron chiqindilar, jumladan foydalanishdan chiqqan kompyuter texnikalari, printer jihozlari va boshqa elektron vositalar alohida yig’ilib, amaldagi ekologik me’yorlarga muvofiq qayta ishlash yoki utilizatsiya qilish uchun vakolatli tashkilotlarga topshiriladi.
Suv resurslarini asrash universitet ekologik siyosatining muhim yo’nalishlaridan biridir. Universitetda suvni tejash va undan oqilona foydalanishga bag’ishlangan xalqaro konferensiyalar, ilmiy-amaliy seminarlar, davra suhbatlari va targ’ibot tadbirlari muntazam tashkil etiladi. Talabalar va xodimlar uchun suvni iqtisod qilish bo’yicha tavsiyalar, yo’riqnomalar va axborot materiallari ishlab chiqilgan bo’lib, kampusda suv iste’molini kamaytirishga qaratilgan targ’ibot ishlari uzluksiz olib boriladi.
Laboratoriyalarda ekologik xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilinadi. Kimyoviy moddalar maxsus saqlash joylarida belgilangan tartib asosida saqlanadi, ulardan foydalanish jarayonlari nazorat qilinadi hamda laboratoriya chiqindilari amaldagi sanitariya va ekologik me’yorlarga muvofiq alohida yig’ilib, xavfsiz utilizatsiya qilinadi. Bu esa ta’lim va ilmiy tadqiqot jarayonlarining ekologik xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Universitetda ekologik madaniyatni rivojlantirish maqsadida har hafta shanba kuni «Hashar kuni» sifatida belgilangan. Ushbu kunda professor-o’qituvchilar, xodimlar va talabalar kampus hududlarini tozalash, daraxt va manzarali o’simliklarni parvarishlash, yashil hududlarni obodonlashtirish hamda chiqindilarni yig’ish ishlarida faol ishtirok etadilar. Mazkur an’ana universitet jamoasida ekologik mas’uliyat va barqaror turmush tarzini shakllantirishga xizmat qilmoqda.