Prezident topshirig‘i ijrosi doirasida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining arxitektura va qurilish yo‘nalishida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar viloyatning 12 ta hududida joylashgan 86 ta og‘ir toifadagi mahallaga biriktirilib, infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy master-rejalar ishlab chiqdilar.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov talabalarning avvalgi uchrashuvlarda berilgan tavsiyalar asosida yanada puxta ishlangan loyihalari bilan tanishdi. Bu takliflar mahallalarni obodonlashtirish, yo‘l va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan aniq va amaliy yechimlarni o‘z ichiga oladi.
Taqdimot davomida amaliy ahamiyatga ega eng yaxshi ishlanmalar saralab olindi va Termiz shahridagi A.Jomiy hamda “Jo‘yjangal” mahallalarida joriy etish, shu asosda infratuzilma ishlarini boshlash bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, yo‘llarni va yomg‘ir-oqova suv tizimini yaxshilash vazifalari belgilandi.
Talabalarning ilmiy-amaliy yondashuvi mahallalar qiyofasini tubdan yaxshilash, aholi uchun qulay va zamonaviy yashash sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi.
