Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida talaba yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar, xususan narkojinoyatlar va kiberjinoyatlarga qarshi kurashga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat IIB Kiberxavfsizlik bo‘limi xodimlari Oxun Umarov, Baxtiyor Abdualimov, Suxrob Yoqubov, shuningdek Jinoyat qidiruv bo‘limining narkomaniyaga qarshi kurashish yo‘nalishi mutaxassislari, universitet profilaktika inspektori Sherzod Aliyarov, dekan o‘rinbosarlari va tutorlar ham ishtirok etdi. Ular yoshlar orasida uchrayotgan huquqbuzarliklar, ularning oqibatlari hamda oldini olish choralari yuzasidan ma’lumotlar berdi.
Seminar davomida kiberjinoyatlarning zamonaviy turlari, internet xavfsizligi qoidalari, shuningdek giyohvandlik vositalarining yoshlar kelajagiga salbiy ta’siri haqida tushuntirishlar berildi. Ishtirokchilarning savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar qaytarildi va foydali tarqatma materiallar ulashildi.
Tadbir yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish va salbiy illatlarga qarshi kurashishda muhim qadam bo‘ldi.
