Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida ta’lim jarayonini zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida takomillashtirish, professor-o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish hamda ularning ilmiy-pedagogik salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan o‘quv-seminarlar tizimli ravishda tashkil etilmoqda.
Navbatdagi o‘quv-seminar universitetning Energetika va sanoat muhandisligi fakulteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Unda “Talabalar akademik faoliyatini boshqarishning huquqiy asoslari” mavzusi atroflicha muhokama qilindi.
Seminar davomida universitetning Registrator ofisi bo‘limi boshlig‘i A.Mahmadaliyev tomonidan mazkur yo‘nalishdagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar, talabalar akademik faoliyatini boshqarish mexanizmlari hamda ta’lim jarayonini samarali tashkil etishning muhim jihatlari yuzasidan mazmunli ma’ruza taqdim etildi.
Mazkur o‘quv-seminar professor-o‘qituvchilarning bilim va tajribalarini yanada boyitish, ta’lim-tarbiya jarayoni samaradorligini oshirish hamda oliy ta’limda sifatni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
