Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti rektori Rasul To‘rayev qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib borayotgan olimlar, doktorantlar, magistrantlar hamda 4-bosqich talabalari bilan ilmiy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi, ilmiy tadqiqot va ta’limda sun’iy intellektdan foydalanishning zamonaviy yondashuvlari hamda strategik vazifalariga e’tibor qaratildi.
Rektor ma’ruzasida ta’kidlanganidek, bugungi kunda jahondagi ilmiy-texnologik taraqqiyotning markazida sun’iy intellekt (AI) turibdi. Qishloq xo‘jaligini an’anaviy usullar asosida rivojlantirish endilikda kutilgan samarani bermaydi. Shu bois Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan raqamli iqtisodiyot, “yashil iqtisodiyot” va resurs tejamkorlik siyosatida sun’iy intellekt alohida ahamiyat kasb etmoqda.
🌱 Qishloq xo‘jaligida sun’iy intellekt quyidagi muhim vazifalarni samarali hal etishi mumkinligi ta’kidlandi:
— yer unumdorligi va hosil prognozini aniqlash;
— suv resurslarini 30–40 foizgacha tejash;
— o‘simlik kasalliklarini erta aniqlash;
— o‘g‘it va kimyoviy vositalarni aniq me’yorlarda qo‘llash.
🔬 Ilmiy tadqiqotlar sohasida esa sun’iy intellekt katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, agroekotizimlarni modellashtirish, ilmiy gipotezalarni tezkor tekshirish hamda xalqaro ilmiy maqolalar tayyorlashda keng imkoniyatlar yaratib berishi qayd etildi.
🎓 Ta’lim jarayonida sun’iy intellekt individual ta’lim traуektoriyalarini shakllantirish, virtual laboratoriyalardan foydalanish, avtomatik baholash tizimlarini joriy etish orqali ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
✅ Ma’ruza davomida universitet oldida turgan quyidagi strategik vazifalar ham belgilab berildi:
— sun’iy intellekt asosida ilmiy tadqiqotlar va modellar yaratish;
— doktorant va magistrlarni Python, GIS, Machine Learning kabi zamonaviy yo‘nalishlarda tayyorlash;
— agro-AI startaplar va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;
— fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash.
Shuningdek, Niderlandiya, Isroil, AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreya tajribasi misolida qishloq xo‘jaligida sun’iy intellektdan samarali foydalanish amaliyoti tahlil qilindi.
“Sun’iy intellekt — bu kelajak emas, bugun; uni qishloq xo‘jaligiga joriy etish iqtisodiy samaradorlik, ekologik barqarorlik va ilm-fan taraqqiyotini ta’minlab, Prezident siyosatiga amaliy javob bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi Rasul To‘rayev.
Uchrashuv yakunida 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan ustuvor maqsadlar belgilab olinib, universitetni zamonaviy, ilmiy va innovatsion markazga aylantirishda olimlar va yosh tadqiqotchilarning o‘rni hal qiluvchi ekani alohida ta’kidlandi.
