Shu kunlarda Shihezi universitetining bir guruh bakalavr, magistratura va PhD talabalari Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida “Yozgi universitet“ loyihasida ishtirok etmoqda.

TDMAU rektori Rasul To‘rayev mehmon talabalar bilan uchrashib, oliygo‘h faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berdi.

Shihezi universiteti — Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududida joylashgan yetakchi davlat universitetlaridan biri bo‘lib, qishloq xo‘jaligi, muhandislik, tibbiyot, iqtisodiyot kabi sohalarda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydi. Universitet “211 loyiha” va “Double First-Class” dasturlariga kiritilgan.

Xitoylik talabalar universitetning o‘quv va amaliy bazalari, zamonaviy laboratoriyalar va infratuzilma bilan tanishdi, shuningdek, Termiz shahri va tumandagi diqqatga sazovor joylarga sayohat qilishdi.

“Surxondaryo” telekanali orqali efirga uzatilgan “Xalq bilan muloqot” ko‘rsatuvida ham ishtirok etib, o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.