Ijtimoiy tarmoqlarda Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida hozirda 130 ga yaqin magistr, tayanch doktorant va doktorantlarga xorijiy til bo‘yicha sertifikat berilganligi hamda shundan 70 foizi talabga javob bermasligi, sertifikat olganlar esa tilni to‘liq bilmasligi haqidagi xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 4-apreldagi 4-q/q-son qo‘shma qaroriga asosan Oʻrta maxsus, professional, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga kirishda tan olinadigan xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro sertifikatlar ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, bunda texnika va qishloq xo‘jaligining aksariyat mutaxassislik va ixtisosliklari uchun CEFR shkalasi boʻyicha eng quyi daraja etib B1 til bilish darajasi belgilanganligini hamda xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro til sertifikatlari haqqoniyligini tekshirish Innovatsion rivojlanish agentligining 2024-yil 11-sentyabrdagi 03-03/3153-son xatiga asosan xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro sertifikatlar roʻyxatiga qatʼiy amal qilingan holda amalga oshirilganligini, bundan tashqari, keyinchalik aniqlangan qayta tekshiruvlarda agar xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro sertifikatlar aniqlansa bunda imtihon olgan xalqaro yoki milliy markazlar yoki setifikat sohibi shaxsan javobgar ekanligini eslatib o‘tamiz.
Bunday hollarda universitet rahbariyati til sertifikatlariga ega talabgorlarni qayta imtihon qilishga haqli emasligini, universitetda tahsil olayotgan izlanuvchilar faoliyati samaradorligini tahlil qilish va natijadorligini oshirish bo‘yicha mustaqil-izlanuvchilar qabul davrlarini inobatga olgan holda, har chorak yakunida amalga oshirilayotganligini hamda bu borada qat’iy talablar asosida ishlar tashkil qilinganligini ma’lum qilamiz.
Bundan tashqari so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining ayrim professor-o‘qituvchilari va prorektorlariga go‘yoki 200% yoki 300% miqdorida ustama haq to‘lanayotgani haqida asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan xabarlar tarqalmoqda. Ushbu ma’lumotlarni mutlaqo asossiz ekanligini rasman inkor etamiz.
Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, professor-o‘qituvchilarga ustama haq tayinlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-dekabrdagi «Ilm-fan va ta’lim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Qarori» asosida amalga oshiriladi. Ushbu tartibda ustama haqlar ilmiy daraja va lavozimga mos ravishda belgilangan foizlarda rasmiy asosda belgilanadi.
Prorektorlarga beriladigan ustama haqlar esa universitet tomonidan emas, balki tegishli vazirlik tomonidan markazlashgan tartibda belgilanadi. Shu sababli, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 200% yoki 300% miqdoridagi ustama haq to‘g‘risidagi ma’lumotlar mutlaqo yolg‘on va haqiqatga zid bo‘lib, bu kabi soxta axborotlarga ishonmaslikni tavsiya qilamiz.
Shuningdek, universitetda go‘yoki ayrim professor-o‘qituvchilar darslarini o‘zlari emas, balki shogirdlari yoki boshqa shaxslar o‘tayotgani haqida tarqalgan xabarlar mutlaqo asossiz va haqiqatga zid ekanligini ma’lum qilamiz.
Universitetda ta’lim jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilangan me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida tashkil etilgan bo‘lib, barcha professor-o‘qituvchilarning dars o‘tish jarayoni, o‘quv yuklamalari, auditoriya mashg‘ulotlari va davomatlari nazorat qilinadi.
Har bir dars o‘z vaqtida tegishli fan o‘qituvchisi tomonidan shaxsan o‘tiladi. Shuningdek, universitet ichki nazorat guruhi va fakultet dekantlari tomonidan o‘quv jarayoni doimiy monitoring qilinadi. Shu boisdan ham, darslarga o‘qituvchi emas, uning o‘rniga shogirdlari qatnashmoqda, degan mazmundagi xabarlar yolg‘on bo‘lib, hech qanday fakt yoki huquqiy asosga ega emas.
Universitet jamoasi bunday turdagi noto‘g‘ri va ataylab tarqatilgan ma’lumotlar orqali ta’lim muassasasining nufuzi va jamoaning obro‘siga putur yetkazishga urinayotgan holatlarga nisbatan huquqiy choralar ko‘rish huquqiga ega ekanligini eslatib o‘tadi.
Universitet rahbariyati bunday turdagi noto‘g‘ri va asoslanmagan ma’lumotlarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, hamda ijtimoiy muhitda noto‘g‘ri tushunchalar shakllanishining oldini olish maqsadida zarur choralarni ko‘radi. Rasmiy axborotlar faqat universitetning ishonchli manbalari orqali e’lon qilinadi.
Hurmatli blogerlar hamda ijtimoiy tarmoq faollari shu kabi holatlar sodir etilganda ushbu jarayonlarni to’liq o’rganishingizni hamda universitet matbuot xizmati @chorixushboqov bilan bog’lanishingizni so’raymiz.
