Universitet rektori R.To‘rayev oliygohning zamonaviy 1000 o‘rinli o‘quv binosiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida rektor binodagi mavjud shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Ushbu yangi binoda zamon talablari asosida jihozlangan ma’ruza zallari, robototexnika laboratoriyalari, amaliy mashg‘ulotlar uchun maxsus o‘quv xonalari mavjud bo‘lib, talabalarning bilim olish jarayonini yanada samarali tashkil etishga xizmat qilmoqda.

Rektor R. To‘rayev o‘z fikrida ushbu o‘quv binosi nafaqat zamonaviy bilimlar beriladigan maskan, balki ilmiy tadqiqotlar olib borish, talabalarning ijodiy va amaliy salohiyatini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlarga ega ekanligini ta’kidladi.

Mazkur tashrif universitetda ta’lim sifatini oshirish va zamonaviy texnologiyalar asosida o‘quv jarayonini tashkil etish borasidagi ishlarning yana bir bor amaliy ifodasi bo‘ldi.

Tashrif davomida rektor R.To‘rayev Mexanika va konchilik ishi fakultetida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar bilan uchrashdi. Samimiy ruhda o‘tgan suhbat chog‘ida u fakultetdagi ilmiy-pedagogik faoliyat, ta’lim sifatini oshirish, yosh kadrlarga ustozlik qilish jarayonlari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Rektor professor-o‘qituvchilarning fidokorona mehnatini alohida e’tirof etib, kelgusida ham jamoa ichida sog‘lom muhitni saqlagan holda, ilmiy izlanishlar va zamonaviy ta’lim metodikalarini joriy etishda davom etish lozimligini aytib o’tdi.

Suhbat yakunida rektor R.To‘rayev professor-o‘qituvchilarga ishlarida omad va muvaffaqiyatlar tiladi, ayniqsa, yoshi ulug‘, boy tajribaga ega ustozlarning duolari va maslahatlari barchaga kuch-quvvat bag‘ishlashini, ularning tajribasidan foydalanish yosh avlodni tarbiyalashda muhim omil ekanligini alohida takidladi.

 

Shundan so‘ng rektor R. To‘rayev Mexanika va konchilik ishi fakultetida tahsil olayotgan talaba-yoshlar bilan ham uchrashib, ularning fikr va takliflarini tinglab, ta’lim jarayonidagi ishtiroki, faoliyati, orzu-intilishlari haqida suhbatlashdi. 

Rektor talabalarga yakuniy nazorat imtihonlarini halollik, bilim va mas’uliyat asosida tashkil etilayotganini aytib, bunday baholash tizimi talabalar mehnatini to‘g‘ri aks ettirishga xizmat qilishini tushuntirdi.

Shuningdek, fakultetda yaratilgan sharoitlar – zamonaviy jihozlangan o‘quv xonalari, laboratoriyalar va boshqa infratuzilmaviy imkoniyatlar haqida so‘z yuritib, talabalarning bu sharoitlardan qanday foydalayotganiga qiziqdi. O’z navbatida talabalar ham mavjud imkoniyatlardan mamnun ekanliklarini bildirdi. 

Uchrashuv so‘ngida rektor R. To‘rayev talaba-yoshlarga omad tilab, ularni vatanga sadoqatli, bilimli va yetuk mutaxassislar bo‘lishga chaqirdi.