Institut rektori O‘.Axmedov boshchiligidagi soha mutaxassislari shu kunning ikkinchi yarmida Uzbekistan GTLda bo‘lishdi.
Rektor Uzbekistan GTL bosh direktori A.Baxadirov bilan yuzma-yuz suhbat o‘tkazib, hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, talabalar amaliyoti ko‘lamini yanada oshirish, kimyo-texnologiya, elektr energetikasi, avtomatika kabi va boshqa sohalarga oid bo‘lgan rus va ingliz tilidagi o‘quv adabiyotlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish, kadrlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, dual ta’lim tizimi bo‘yicha birgalikda ishlash masalalari muhokama etildi.
Shuningdek, 2024/2025-o‘quv yili boshida ixtidorli va sohaga qiziqishi bo‘lgan talabalar bilan Uzbekistan GTL bosh direktori A.Baxadirov hamda soha mutaxassislari ishtirokida institutda seminar o‘tkazishga kelishib olindi.
Ma’lumot o‘rnida Termiz muhandislik-texnologiya instituti va Uzbekistan GTL korxonasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi 2022-yilda imzolangan. Shu bilan birgalikda talabalarning yozgi ta’til davrida amaliyotlarini tashkil etish yuzasidan ham kelishuvlar amalga oshirilgan edi.
Xususan 2023-yilda institutda tahsil olayotgan 21 nafar talabalar yozgi ta’til davrida Uzbekistan GTLda amaliyotlarini o‘tashgan. Amaliyot vaqtida talabalarga bepul kiyim-bosh, yotoqxona, oziq-ovqat hamda boshqa xarajatlari qoplab berilib kelinmoqda.
Shu bilan birgalikda institutning Kimyoviy texnologiya kafedrasi o‘qituvchisi M.Shaymardonova 2023-yilda Uzbekistan GTL kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan “ENG FIDOYI USTOZ-II” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
