O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 20-iyun sanasida “Inno” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkiga tashrif buyurib, muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi hamda 30-iyun “Yoshlar kuni” munosabati bilan yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yigʻilishidagi berilgan topshiriqlar ijrosi sifatida Termiz muhandislik-texnologiya instituti rahbariyati respublikadagi hamda viloyatdagi yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va yanada kuchaytirish yuzasidan amaliy harakatlarni boshlab yubordi.
Xususan institut rektori joriy yilning 11-iyul kuni Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Dehqonobod kaliy zavodi” AJga 10 nafar soha mutaxassislari bilan amaldagi hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish maqsadida borishdi.
“Dehqonobod kaliy zavodi” AJ rahbariyati, mutaxassislari hamda Termiz muhandislik-texnologiya instituti rektori va professor-oʻqituvchilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan hamkorlik uchrashuvi davomida talabalar amaliyotini tashkil etish, bitiruvchi kurs talabalardan zaxira kadrlar tayyorlash hamda korxonadagi mavjud muammolarni o‘rganish va ularni ilmiy jihatdan bartaraf etish yuzasidan muloqot olib borildi.
Shu bilan birgalikda oliygoh va zavod o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash yuzasidan hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Shundan so‘ng rektor va soha mutaxassislari birgalikda kaliy xlorid mineral o‘g‘iti ishlab chiqaruvchi korxona faoliyati bilan batafsil tanishib chiqishdi.
Ma’lumot o‘rnida Termiz muhandislik-texnologiya institutini 2023/2024-o‘quv yilida tamomlayotgan 8 nafar bitiruvchilar kaliy zavodiga ishga qabul qilish rejalashtirilgan.
