O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 2023-yil 22-dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida hududlardagi 4 ta sektorga qo‘shimcha ravishda ma’naviyat sektori tashkil etilishini ma’lum qildi. Shu maqsadda, Surxondaryo viloyatida bildirilgan taklif asosida bugungi kunda Respublikamizda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan to‘rtta sektor xalqimizning turli ijtimoiy-iqtisodiy muammolari va ehtiyojlarini ijobiy hal qilib kelayotgan bo‘lsa, bugungi zamon oldimizga endilikda insonlarni ma’naviy-axloqiy sohadagi muammo va ehtiyojlarini ham to‘g‘ri qondirish vazifasini qo‘ymoqda. Sektorning asosiy vazifasi hududlarning ijtimoiy-ma’naviy muhitini ta’minlash hisoblanadi
Surxondaryo viloyati hokimining 2024-yil 9-yanvardagi “Viloyatning ijtimoiy-ma’naviy muhiti barqarorligini ta’minlash bo‘yicha tashkil etilgan “Ma’naviyat sektori” nizomini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bir qator vazifalar belgilab berildi.
Kuni kecha Termiz muhandislik-texnologiya instituti rektori O‘.Axmedov Ma’naviyat sektori faoliyatidagi ishlarni jadallik bilan samarali tashkil etish maqsadida Sherobod tumanida bo’lib, tumandagi maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, mahallalar, qishloq vrachlik punktlarida va boshqa muassasalarda sektorning boshlang‘ich bo‘g‘inini tashkil etishda tegishli yordamlar berishga doimo tayyor ekanligini bildirdi.
Buning amaliy isboti sifatida institut rahbariyati hamda yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti faol talaba-yoshlari Sherobod tumanidagi maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinlarini tashkil etishdi.
Bo‘lib o‘tgan ushbu intellektual o‘yinda tumandagi maktablardan 350 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etishdi hamda 30 dan ortiq jamoalar shakllandi.
Qizg‘in bahs va munozaralar asosida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yinida tumandagi 41-maktab o‘quvchilari birinchi o‘rin, 67-maktab o‘quvchilari ikkinchi o‘rin hamda 33-maktab o‘quvchilari uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.
Tadbir so‘ngida institut rektori O‘.Axmedov tadbirda ishtirok etgan va g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalarni tabriklab, kelgusida bunday tadbirlarni hamkorlikda doimiy tashkil etishni bildirdi.
