​Respublika ilmiy-amaliy anjumani doirasida mehmonlar rektor Rasul To‘rayev hamrohligida universitetning zamonaviy infrastrukturasi va ilmiy imkoniyatlari bilan tanishdilar. Tashrif davomida Registrator ofisi, IT-markaz va zamonaviy laboratoriyalardagi raqamlashtirish jarayonlari hamda talabalar uchun yaratilgan o‘quv sharoitlari yuqori baholandi.

​Shuningdek, ishtirokchilar Talabalar turar joyini borib ko‘rib, yoshlarning yashash va dam olish sharoitlarini ko‘zdan kechirishdi. Oliygoh issiqxonalarida banan ko‘chatlarini iqlimlashtirish va rayhonning noyob navlarini ko‘paytirish bo‘yicha olib borilayotgan agrotexnologik izlanishlar soha mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.

​Tadbirning muhim amaliy natijasi sifatida, TDMAU hamda O‘zFA Botanika instituti, shuningdek, Surxondaryo viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Ushbu kelishuvlar nazariy bilimlarni bevosita ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish va sohaviy muammolarga ilmiy yechimlar topishda yangi bosqichni boshlab beradi.