Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Sariosiyo tumanida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti talabalari tomonidan biriktirilgan mahallalar bo‘yicha ishlab chiqilgan master-rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdim etilgan master-rejalarda hudud infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ichki yo‘llar va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar o‘z ifodasini topgan. E’tiborlisi, loyihalar avvalgi uchrashuvlarda bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida takomillashtirilgan.

Viloyat rahbari taqdimotlar yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar belgilab, tasdiqlangan dasturlar asosida amaliy ishlarni kechiktirmasdan boshlash, infratuzilmani bosqichma-bosqich yaxshilash va har bir tashabbusning manzilli ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Mazkur tashabbuslar nafaqat mahallalar qiyofasini yangilash, balki yoshlarning amaliy bilim va tajribasini mustahkamlash, ularni hududiy rivojlanish jarayonlariga faol jalb etish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.