Bugun Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti rektori Rasul To‘rayev raisligida apparat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2026 yil 24 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida ilgari surilgan tashabbuslar ijrosi muhokama qilinib, universitet oldidagi ustuvor vazifalar aniq belgilab olindi.

Yig‘ilishda yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish, tadbirkorlik va startaplarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim jarayonini mehnat bozori talablari asosida takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Dual ta’lim tizimini kengaytirish, bitiruvchilarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash va ularning bandligini ta’minlash ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.

Shuningdek, ilmiy va innovatsion loyihalar, “Talaba – startapchi” modeli asosida istiqbolli g‘oyalarni tijoratlashtirish, tadqiqotlarni suv tejovchi texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda raqamli qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida kuchaytirish vazifalari belgilandi.

Yig‘ilishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, akademik mobillik dasturlarini rivojlantirish, xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirish, shuningdek, sport infratuzilmasini takomillashtirish orqali talabalar iste’dodini qo‘llab-quvvatlash hamda ularni respublika va xalqaro musobaqalarga puxta tayyorlash masalalari ham muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi.

Yig‘ilish yakunida jamoa universitetni innovatsiyalar va zamonaviy muhandislik yechimlari markaziga aylantirish yo‘lida yanada faol va tashabbuskor bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *