2025/2026-o‘quv yili yakunlariga ko‘ra, bakalavriat bosqichi bo‘yicha Prezident va nomli davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lganlar safida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining 6 nafar iqtidorli talabalari ham borligi universitet jamoasi uchun alohida faxr va g‘urur bag‘ishladi.
Bugun universitet rektori Rasul To‘rayev Kengash a’zolari oldida ushbu yuksak natijani alohida e’tirof etib, stipendiya sohiblari hamda ularning ilmiy rahbarlarini samimiy muborakbod etdi. U o‘z nutqida mazkur muvaffaqiyat ortida tinimsiz mehnat, izlanish va ustoz-shogird an’analari mujassam ekanini alohida ta’kidladi.
Tadbir davomida talabalarga tashakkurnomalar topshirildi, ular pul mukofoti bilan rag‘batlantirilgani qayd etildi. Shuningdek, har bir stipendiya sohibiga zamonaviy planshet sovg‘a qilinishi e’lon qilindi.
Mazkur e’tirof yoshlarning ilm-fanga qiziqishini yanada oshirish, ularni yangi marralar sari ruhlantirish hamda universitetda ilmiy salohiyatni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz. Bu yutuq nafaqat talabalar, balki butun universitet jamoasining umumiy muvaffaqiyati sifatida alohida qadrlanadi.
