Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti rektori Rasul To‘rayev raisligida Kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ta’lim, ilmiy va tashkiliy faoliyatga oid muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda ta’lim sohasiga doir qonun va normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi, Kengash qarorlarining bajarilish holati tahlil qilindi. Rahbar va pedagog kadrlarning 2025-yildagi malaka oshirish natijalari hamda 2026-yil rejalari muhokama qilinib, kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
“Registrator ofisi”ning 2025-yildagi faoliyati yuzasidan hisobot tinglanib, ko‘rsatilayotgan xizmatlar turini ko‘paytirish, sifatini yaxshilash va raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirish choralari belgilandi.
Shuningdek, 2026-yilga mo‘ljallangan ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha yillik reja tasdiqlandi. Professor-o‘qituvchilarning maqsadli ko‘rsatkichlar ijrosi, darslar sifati va talabalar davomatini monitoring qilish masalalari muhokama qilindi.
Ilmiy-texnik kengash va aprobatsiya komissiyasi tarkibi tasdiqlandi, mustaqil tadqiqotchilar va doktorantlarning ish rejalari ko‘rib chiqildi. Ilmiy darajaga ega xodimlarni rag‘batlantirish, spin-off korxonalar tashkil etish, darslik va monografiyalarni nashrga tavsiya etish hamda professor-o‘qituvchilarga ilmiy unvon va ijodiy ta’til berish masalalari yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Yig‘ilish yakunida universitet faoliyati samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
