Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Prezidentimiz raisligida joriy yil 23-yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida shahar va tumanlar hokimliklari, tegishli boshqarmalar hamda TDMAU tomonidan ishlab chiqilgan rejalar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda aholining tomorqalaridan samarali foydalanish, “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyilini joriy etish hamda viloyatdagi 114 ta “og‘ir” mahalla uchun bosh (master) rejalarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur jarayonga Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti talabalari, magistrantlari, doktorantlari va professor-o‘qituvchilari jalb etilishi rejalashtirilgan (https://t.me/TerDMAU/28517).
Tadbir davomida TDMAU rektori Rasul To‘rayev viloyatdagi “og‘ir” mahallalar uchun bosh rejalarni ishlab chiqishning samarali mexanizmlari bo‘yicha taqdimot qildi. Loyiha mahallalar infratuzilmasini yaxshilash va hududlarning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan.
Yig‘ilishda viloyat hokimi har bir hududning o‘ziga xos imkoniyat va salohiyatidan kelib chiqib rejalarni takomillashtirish va aniq natijaga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab berdi.
