Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti talabalari hamda professor-o‘qituvchilari ishtirokida “Ayritom” erkin iqtisodiy zonasida ko‘chma o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Mashg‘ulotlar davomida talabalar erkin iqtisodiy zonalarning hududiy va milliy iqtisodiyot rivojidagi o‘rni, investitsiya muhitini shakllantirish, zamonaviy texnologiyalar hamda innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etish masalalari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘lmoqdalar.

Ilmiy-ma’rifiy seminarlar chog‘ida professor-o‘qituvchilar tomonidan sohaviy mavzularda ma’ruzalar o‘qilib, talabalarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar berilmoqda. Mashg‘ulotlar interaktiv ruhda o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, “Ayritom” erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan ishlab chiqarish korxonalariga tashriflar uyushtirilib, mavjud korxonalar faoliyati, amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari hamda infratuzilma imkoniyatlari bilan yaqindan tanishilmoqda.

Mazkur o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda iqtisodiy jarayonlarni chuqur anglashlariga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, 2024 yil Termiz tumanida ochilgan “Ayritom” erkin iqtisodiy zonasi Markaziy Osiyoda transchegara savdosini rivojlantirish bo‘yicha eng yirik loyihalardan biridir.