Bugun Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti rektori Rasul To‘rayev boshchiligida prorektorlar, fakultet dekanlari va ularning o‘rinbosarlari, profilaktika inspektori, talabalar turar joyi komendantlari hamda tarbiyachilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda talabalar o‘rtasida tartib-intizomni mustahkamlash, talabalar turar joylarida tozalik va ozodalikka rioya etilishini ta’minlash, oshxonalarda kuzatilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, jinoyatchilik va korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, hududda tamaki mahsulotlari hamda spirtli ichimliklar iste’moliga yo‘l qo‘ymaslik, talabalarining yotoqxonalarga belgilangan vaqtdan kech qaytishi bilan bog‘liq holatlar keskin tanqid qilindi.
Ayniqsa, tartib-intizomni buzishga moyil talabalar bilan individual ishlashni kuchaytirish, ularning ota-onalari bilan doimiy va samarali aloqani yo‘lga qo‘yish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Shu bilan birga, qishki ta’til davrida talabalarning o‘z uylariga sog‘-salomat yetib olishlari hamda ta’tildan so‘ng universitetga xavfsiz tarzda qaytib kelishlarini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Rektor tomonidan talabalar uchun xavfsiz, sog‘lom va tartibli muhit yaratish har bir mas’ulning ustuvor vazifasi ekani qayd etildi. Talabalar xavfsizligi va tartib-intizomni ta’minlashda “Qalqon” guruhi faoliyatini yanada kuchaytirish, mas’ullarning javobgarligini oshirish lozimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida ayrim mas’ullar qat’iy ogohlantirildi hamda barcha mutasaddilarga belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
