Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti rektori Rasul To‘rayev raisligida navbatdagi apparat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda universitet rahbariyati, fakultet dekanlari va bo‘lim boshliqlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda universitet faoliyatining dolzarb yo‘nalishlari muhokama qilindi. Jumladan, bitiruvchilarga diplom topshirish jarayonlari, 2026–2027-o‘quv yili qabuli va ijodiy imtihonlarga tayyorgarlik, bitiruvchilar bandligini ta’minlash, «Kelajakka qadam» dasturi doirasida biznes loyihalarni imtiyozli moliyalashtirish hamda Edo.ijro.uz tizimidagi ijro intizomi tahlil qilindi.

Yig‘ilishda universitet xodimi Sherzod Xolmatovning Sho‘rchi tumanida banan va papayya yetishtirish bo‘yicha erishgan tajribasi alohida e’tirof etildi. Uning bevosita ishtirokida universitet issiqxonalarida papayya yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, banan turlarini ko‘paytirish hamda talabalarga amaliy ko‘nikma berish orqali mahallalarda ham shunday loyihalarni yo‘lga qo‘yish belgilab olindi.

Rektor Rasul To‘rayev universitetning amaliy yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalari reytingida munosib o‘rin egallashi ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi. Shu munosabat bilan reyting ko‘rsatkichlari ustida tizimli ishlash, ilmiy salohiyatni oshirish va loyihalar sonini ko‘paytirish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.