2026–2027-o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish maqsadida onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga 7-iyuldan boshlab “Abituriyent ruxsatnomasi”beriladi.
Test sinovlarida ishtirok etish uchun abituriyentlar ruxsatnomani Telegram’dagi rasmiy @DTM_Mandat_Bot orqali yuklab olishlari mumkin. Buning uchun pasport yoki ID-karta seriyasi hamda raqamini kiritish lozim.
Abituriyentlar uchun muhim tavsiyalar:
➡️“Abituriyent ruxsatnomasi”ni oldindan yuklab oling va chop eting. Undagi test topshirish sanasi, vaqti, smenasi hamda manzilini diqqat bilan tekshiring. Test sinovida faqat ruxsatnomada ko‘rsatilgan joy, sana va smenada ishtirok etish mumkin.
➡️Shaxsni tasdiqlovchi hujjatingizni tayyorlab qo‘ying. Test sinoviga ularning asl nusxasi bilan kelish talab etiladi.
➡️Belgilangan hududga oldindan yetib boring. Yo‘ldagi tirbandlik yoki boshqa kutilmagan holatlarni hisobga olib, test boshlanishidan ancha oldin yetib borishni rejalashtiring. Belgilangan vaqtdan kechikkan abituriyentlar test sinoviga qo‘yilmaydi.
➡️Taqiqlangan buyumlarni olib kelmang. Telefon, aqlli soat, quloqchin, kalkulyator, elektron qurilmalar, kitob, daftar yoki boshqa yordamchi vositalarni test hududiga olib kirish qat’iyan man etiladi.
➡️Yetarlicha dam oling. Imtihondan oldingi kechasi yaxshi uxlang. Sog‘lom ovqatlanish va xotirjamlik sizning diqqat-e’tiboringizni oshiradi.
➡️Qoidalarga rioya qiling. Amaldagi tartib-qoidaga, nazoratchi ko‘rsatmalariga qat’iy amal qiling. Test materiallari bilan ishlashda diqqatli bo‘ling.
➡️Vaqtni to‘g‘ri taqsimlang. Vaqtga amal qiling. Har bir daqiqadan unumli foydalaning.
➡️Hayajonga berilmang. Imtihon davomida o‘zingizga ishoning. Muvaffaqiyat kaliti — xotirjamlik va diqqatni jamlay olishdir.
