Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida mamlakatimiz ilm-fani uchun muhim voqea — O‘zbekiston milliy gerbariysining Termiz filiali ochildi. Mazkur markazning ochilish marosimida O‘zFA Botanika instituti direktori, akademik Komiljon Tojiboyev boshchiligidagi olimlar, shuningdek, Toshkent, Samarqand va Hindistonning nufuzli Aligarh musulmon universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Hozirda mazkur yangi filial fondida 4 000 dan ziyod o‘simlik namunalari saqlanmoqda. Bu raqam hududiy florani o‘rganishda muhim ilmiy baza vazifasini o‘taydi. Istiqboldagi rejalarga ko‘ra, markaz fondini har yili kamida 10 000 ta yangi namuna bilan boyitib borish maqsad qilingan. Bu esa yaqin yillarda Termizda mintaqaning eng yirik o‘simliklar arxivi shakllanishiga xizmat qiladi.

🔬Markaz faoliyati eng zamonaviy xalqaro standartlar asosida tashkil etilgan bo‘lib, quyidagi muhim jihatlarni qamrab oladi:

🟢 Xalqaro tasnif tizimi: Barcha namunalar dunyo bo‘yicha yagona bo‘lgan Engler sistemasi asosida tartiblanadi. Bu mahalliy olimlarga jahon ilmiy hamjamiyati bilan yagona «ilmiy til»da muloqot qilish imkonini beradi.

🟢 Raqamli flora va monitoring: Har bir o‘simlik namunasi yuqori aniqlikda skanerlanib, GPS koordinatalari bilan Google xaritalariga bog‘lanadi. Bu tabiatdagi global o‘zgarishlarni va noyob turlarning yo‘qolib borishini masofadan kuzatishda beqiyos ahamiyatga ega.

🟢 Mukammal saqlash texnologiyasi: Ilmiy xazina hisoblangan namunalar o‘simlikning barcha organlari bilan birga maxsus presslarda quritilib, -18 daraja sovuqlikda saqlanadi. Bu usul eksponatlarni hasharotlardan to‘liq himoya qiladi.

🟢 Ilmiy qiymatning ortishi: Botanika sohasidagi har qanday fundamental tadqiqot aynan mana shunday gerbariylarga asoslanadi va vaqt o‘tgani sayin ushbu namunalarning ilmiy qimmati yil sayin ortib boraveradi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston milliy gerbariysi dunyoda muqobili kam bo‘lgan muassasa bo‘lib, unda jami 1,5 milliondan ortiq namuna, jumladan, 1841-yilda terilgan noyob eksponatlar mavjud.

Tadbir yakunida olimlar va universitet rektori Rasul To‘rayev hududda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekishdi. Bu jarayon universitetning «yashil xazinasi»ni yanada boyitishga xizmat qiladi.