Termiz davlat muhandislik va agrotеxnologiyalar universitetida “Yoshlar kuni” munosabati bilan rektor Rasul To‘rayev talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida talabalarning taklif va tashabbuslari tinglanib, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Ta’lim sifati, talabalarning ijtimoiy faolligi hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, “Qalqon” guruhi uchun universitetning ichki tartib-qoidalari bo‘yicha yangi raqamli platforma ishga tushirilgani ta’kidlandi. Mazkur platforma talabalarga zarur ma’lumotlarni tezkor va qulay tarzda olish imkonini yaratadi.
Muloqot jarayonida “Talabadan–talabaga madad” loyihasini yanada rivojlantirish, talabalar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik va ko‘makni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvida ilgari surilgan 32 ta muhim tashabbusning mazmun-mohiyati haqida ham so‘z yuritildi.
Tadbir yakunida rektor yoshlarni faol, tashabbuskor va jamiyat hayotida munosib o‘rin egallashga chaqirdi.
