Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida “Respublikamiz janubida muhandislik va agrotexnologiyalar sohalarida texnologik jarayonlarni avtomatlashtirishning dolzarb muammolari va yechimlari” mavzusida Respublika ilmiy-texnik anjumani tashkil etildi.

Tadbirda Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Geologiya va geofizika instituti, Buxoro davlat texnika universiteti hamda Toshkent davlat tibbiyot universitetidan professor-o‘qituvchilar, magistrant va doktorantlar ishtirok etdi. Shuningdek, Belarus, Qozog‘iston va AQShdan olimlar onlayn tarzda anjumanda qatnashdi.

Anjumanning ochilish marosimida universitet rektori, professor Rasul To‘rayev texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning ahamiyati, ularning mamlakat iqtisodiy va ilmiy rivojiga qo‘shadigan hissasi haqida so‘z yuritdi.

Tadbirning asosiy maqsadi — zamonaviy texnika, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yordamida texnologik jarayonlarni avtomatlashtirishdagi dolzarb muammolarni muhokama qilish va ularga yechimlar izlashdan iborat bo‘ldi.

Anjuman to‘rtta asosiy sho‘ba bo‘yicha o‘tkazildi:
🟢Texnologik jarayonlarni zamonaviy texnika va sun’iy intellekt orqali avtomatlashtirish
🟢Raqamli texnologiyalarning roli
🟢Iqtisodiy samaradorlikni ta’minlashga qaratilgan yondashuvlar
🟢Muhandislik va agrotexnologiyalarga oid fanlarni o‘qitishning zamonaviy metodlari

Sho‘balar doirasida sun’iy intellekt va avtomatlashtirish tizimlari, bulutli texnologiyalar, aqlli binolar, resurs tejamkor texnologiyalar, tomchilatib sug‘orish, agrotexnologik jarayonlarni optimallashtirish hamda pedagogik metodlar muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari ilmiy ma’ruzalar, tajriba almashish va amaliy tavsiyalar bilan chiqish qildi. Anjuman yakunida janubiy hududda texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish bo‘yicha yangi yechimlar, innovatsion yondashuvlar hamda ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli rejalar belgilandi.