Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining iqtidorli talabalardan iborat “Chag‘onyon” teatr jamoasi bugun universitetda yozuvchi Nazar Eshonqulning “Urush odamlari” qissasi asosida sahnalashtirilgan shu nomdagi spektaklni namoyish etdi.
“Urush odamlari” Ikkinchi jahon urushiga bag‘ishlangan drama bo‘lib, unda urushning ayanchli oqibatlari bir oila taqdiri misolida yoritib berilgan. Asarda urush odamlarining hayoti va ichki kechinmalari, ularning matonati, front ortida kechgan og‘ir mehnat va mashaqqatlar ta’sirchan sahnalar orqali aks ettiriladi.
Spektakl tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi. Sahnadagi voqealar urushning inson qalbiga solgan jarohatlari, ota-onalar iztirobi, bolalarning erta ulg‘ayishi va inson irodasining sinovlarga bardosh berish kuchini yaqqol namoyon etdi.
“Chag‘onyon” teatr jamoasining mahorat bilan ijro etgan rollari, sahna bezagi va musiqiy yechimlar asar g‘oyasini yanada boyitdi.
