2025 yil 6 sentabr kuni Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida 2025/2026-o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan Ilmiy kengashning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga universitet rektori, professor Rasul To‘rayev raislik qildi. Unda kengash a’zolari, fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari va professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida rektor R.To‘rayev tomonidan yurtimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan barcha qatnashchilar tabriklanib, mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar, ayniqsa, ta’lim sohasidagi o‘zgarishlar xususida fikrlar bildirildi. Prezidentning 2024 yil 18 iyuldagi 265-sonli qaroriga muvofiq tashkil etilgan ushbu universitetga bir yil to‘lgani va bu muddat ichida uning faoliyati uchun mustahkam poydevor yaratilgani alohida ta’kidlandi.
Universitetning ilk faoliyati davomida fakultet va kafedralar tashkil etildi, zamonaviy o‘quv dasturlari ishlab chiqildi, talabalar uchun ishlab chiqarish amaliyotlari tashkil etildi, xalqaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, talabalarni startap va innovatsion loyihalardagi faol ishtiroki ham qayd etildi. Ayniqsa, 30 nafar talabaning robototexnika bo‘yicha Ginnes rekordiga kirgani – universitetning ilk yildagi eng yorqin yutuqlaridan biri sifatida e’tirof etildi.
Rektor o‘z ma’ruzasida 2025/2026-o‘quv yili universitetda “Sifatli ta’lim, ilm va ishlab chiqarish integratsiyasi yili” deb e’lon qilinganini ma’lum qildi. Bu g‘oya doirasida ta’lim dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, chet tillarda ta’lim berishni kengaytirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini tijoratlashtirish, xalqaro akkreditatsiya jarayonlarini jadallashtirish hamda talabalarni zamonaviy bilim va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Yig‘ilishda prorektorlar tomonidan yozgi semestr natijalari, 1-kurslarga qabul jarayoni va davlat granti tanlovi yakunlari yuzasidan axborot berildi. Talabalarni talabalar turar joyiga joylashtirish, ijarada yashovchi yoshlarga ijara to‘lovlari uchun yordam ko‘rsatish, to‘lov miqdori va imtiyozlarni belgilash bo‘yicha takliflar ham ma’qullandi.
Shuningdek, Ilmiy kengashning yangilangan tarkibi, 2025/2026-o‘quv yili uchun umumiy ish rejasi, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quv reja va dasturlar tasdiqlandi. Fakultet va bo‘limlar kesimida ish rejalar ko‘rib chiqilib, ma’qullashga yo‘llandi.
Qo‘shimcha ravishda, kun tartibida qator muhim masalalar ham muhokama qilindi. Jumladan, uch yillik ilmiy-pedagogik stajga ega professor-o‘qituvchilarga ma’ruza o‘qish huquqini berish, universitetning odob-axloq kodeksini tasdiqlash, OAKga ilmiy unvon uchun hujjatlar tayyorlash, mustaqil tadqiqotchilarning ilmiy rahbarlari va mavzularini tasdiqlash hamda davlat stipendiyasi tanlovi g‘oliblarini respublika bosqichiga tavsiya etish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, universitet olimlari tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion va amaliy loyihalarni tegishli agentliklarga taqdim etish, har shanba kunini “Mustaqil ta’lim kuni” sifatida belgilash, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar uchun ustama haq va moddiy rag‘batlantirish tartibini tasdiqlash, kafedralardagi bo‘sh o‘rinlarga tanlov e’lon qilish va 1-kurs talabalarning bilim darajasini aniqlash maqsadida maxsus baholash tartibini joriy etish masalalari ham muhokama qilinib, qarorga olib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida universitet rahbariyati tomonidan belgilangan vazifalar 2025/2026-o‘quv yili davomida ta’lim sifati, ilmiy faoliyat va talabalarga yaratiladigan sharoitlarni yanada yaxshilashga xizmat qilishi lozimligi alohida qayd etildi.
Rektor Rasul To‘rayev ta’kidlaganidek, “bugun universitetimiz haqiqiy Aql markaziga aylanish yo‘lida dadil qadam tashlamoqda. Biz jamoaviy mehnat, ilmiy salohiyat va xalqimiz ishonchiga tayanib, albatta muvaffaqiyat qozonamiz.”
