Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti qoshida tashkil etilgan Ilg‘or muhandislik maktabining Irrigatsiya tizimlarini samarali boshqarish va mini GESlar ishlab chiqarish laboratoriyasi faoliyati innovasion rivojlanishning yorqin namunasidir, dedi “Muhandislik va iqtisodiyot” ilmiy jurnali muharriri Sherzod Qurbonov.
Laboratoriyada yosh olimlar Surxondaryo viloyatining iqlim va tabiiy sharoitlarini hisobga olgan holda suv va suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borishmoqda. Xususan, daryo va kanallar o‘zanlarida mini GESlar o‘rnatish, ularning atrofida bo‘sh turgan yerlarda issiqxonalar va sanoat korxonalarini tashkil etish orqali tabiiy energiya manbalarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilgan. Bunday yondashuv nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshiradi, balki ekologik barqarorlikni ta’minlaydi.
Yosh muhandislar tomonidan ishlab chiqilgan zamonaviy va texnologiyalashtirilgan qurilmalar energiyani tejash va suv resurslaridan oqilona foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Bundan tashqari, bu innovatsiyalarning amaliy tadbiq etilishi mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash va qo‘shimcha qiymat yaratishda muhim o‘rin tutadi.
Laboratoriyada olib borilgan ilmiy ishlar natijalarini OAK tomonidan e’tirof etilgan “Muhandislik va iqtisodiyot” jurnalida yoritib borish taklifi ilgari surildi. Bu esa tadqiqot natijalarining keng jamoatchilikka yetkazilishi va amaliyotga joriy qilinishida muhim ahamiyatga ega.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy qilingan bunday innovatsion maktablar mamlakatimizda irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, tabiiy resurslardan samarali foydalanish hamda qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish orqali nafaqat ekologik muvozanatni saqlashga, balki iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga va qo‘shimcha qiymat yaratishga xizmat qiladi.
