“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi – ta’lim tizimidagi islohotlar poydevoridir

Mamlakatimiz taraqqiyoti uchun eng muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi bizni faxr tuyg‘ulari bilan to‘lqinlantiradi. Jumladan, 2023-yil 11-sentabrda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiya Yangi O‘zbekistonni rivojlantirishda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur hujjat xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlash maqsadida qabul qilinganligi barchamizga ayon bo‘lib ulgurdi[1].

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilishi asosiy g‘oyasi ilgari surilganligi hujjatning mihim jihatlaridan biri hisoblanadi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan: “Atoqli maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan hikmatli soʻzlarini men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman.

Keyingi yillarda masalaga mana shunday yondashuv bizning ushbu sohadagi faoliyatimiz mezoniga aylandi. Chindan ham, agar biz taʼlimni oʻzgartirsak, taʼlim insonni oʻzgartiradi. Inson oʻzgarsa – butun jamiyatimiz oʻzgaradi”[2] – fikrlar dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Darhaqiqat, Oʻzbekistonda Uchinchi Renessansga poydevor boʻlgan taʼlim tizimidagi amalga oshirilayotgan islohotlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda yurtimizda uzluksiz taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, mamlakatimiz yoshlarini har jihatdan ma’naviy barkamol insonlar etib tarbiyalash, yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlashni tubdan yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Taraqqiyotimiz dasturi bo‘lmish «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida ta’lim tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha yangi maqsad va rejalar belgilab olindi. Mazkur hujjatda bolalarni maktabgacha ta’lim va tayyorlov guruhlari bilan to‘liq qamrab olish, olis va chekka hududlarda joylashgan 715 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun bepul avtobuslarni yo‘lga qo‘yish, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan to‘liq ta’minlash, oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish va ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazish kabi maqsadlar ilgari surilgan.

Taʼlim-tarbiyaning boshlangʻich boʻgʻini boʻlgan maktabgacha taʼlim tizimidagi oʻzgarishlardan barchamiz yaxshi xabardormiz. Oxirgi yetti yilda maktabgacha ta’lim bo‘yicha qamrov darajasini 27 foizdan 72 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 42 foizga, oliygohlar soni 77 tadan 212 taga yetkazildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2024-yil 1-fevral kuni 21 moddadan iborat «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi qonunning imzolanishi Termiz muhandislik-texnologiya institutining koʻp ming kishilik jamoasini ham toʻlqinlantirib yubordi. Qonun bilan pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari, faoliyatining asosiy kafolatlari, mehnatiga yarasha haq to‘lash, rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish tamoyillari belgilandi.

Hujjatda pedagogning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘lishi qat’iy belgilab qo‘yildi.

Termiz muhandislik-texnologiya nstituti 2023-yilda milliy reytingda yuqori pog‘onalarga ko‘tarilishga erishdi. 2022-yilda oliy ta’lim muassasalari reytingi natijalari bo‘yicha institut 65 o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2023-yilda respublikamizning 76 ta oliy ta’lim muassasalari ichida 43 o‘rinni egallagani shubhasiz institut jamoasining samarali mehnati natijasidir.

Xulosa qilib aytganda, Termiz muhandislik-texnologiya institutida «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan maqsad va rejalardan kelib chiqqan holatda salmoqli natijalarga erishilmoqda.

Xoliyarov To‘lqinjon Chorshnbiyevich

Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), Termiz muhandislik-texnologiya instituti Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi mudiri v.v.b.


[1] https://lex.uz/ru/docs/-6600413

[2] https://president.uz/oz/lists/view/4596