Surxondaryo viloyati hokimining 2023-yil 2-sentabrda Denov tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlashga bag’ishlangan uchrashuvida berilgan topshiriqlari yuzasidan institut rektori O’.Axmedov boshchiligidagi institut jamoasi Denov tumanining O’shor qishlog’ida bo’lishdi.
Uchrashuvga O’shor MFYda yashovchi qizil toifadagi yoshlar, MFYdagi 97- va 62-o’rta maktablarning o’quvchilari, jumladan bitiruvchi sinf o’quvchilari hamda maktab o’qituvchilari ishtirok etishdi.
Tadbirda institut jamoasidan yoshlar masalalalari, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor M.Majitov, kimyo fanlari doktori, professor F.Eshqurbonov, texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent B.Pirimkulov, texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent K.Xakimov, texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent M.Karimov, institut yoshlar yetakchisi U.Bekmurodov va institut volontyor yoshlari qatnashishdi.
Viloyat hokimi tomonidan oliy taʼlim muassasalariga bitiruvchi oʻquvchilari eng koʻp kirayotgan ushbu maktablar yoshlariga Termiz muhandislik-texnologiya instiuti haqida batafsil maʼlumot berish, institutda talaba-yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar toʻgʻrisida yoshlarga tushunchalar berish, oʻquvchi yoshlarning institutga qiziqishini oshirish, qolaversa maktab oʻqituvchilari bilan taʼlim sifati boʻyicha yaqindan hamkorlik qilish vazifalari berilgandi.
Yuqoridagi vazifalardan kelib chiqqan holda institut rektori Oʻ.Axmedov tadbir qatnashchilariga institut tarixi, undagi moddiy shart-sharoitlar, taʼlim jarayoni, yoshlarga yaratib berilgan imkoniyatlar toʻgʻrida gapirib oʻtdi va barcha oʻquvchi yoshlarni kelajak kasblari boʻlgan muhandis-texnolog boʻlishga chaqirib qoldi.
Shundan soʻng institut professor-oʻqituvchilari maktab oʻquvchilariga oʻz hayotiy tajribasidan kelib chiqib, ilm yoʻlida olgʻa intilishga, zamonaviy bilimlarga ega kadr boʻlib yetishishda zarur boʻlgan jihatlar haqida soʻzlab berishdi.
Tadbir davomida professor F.Eshqurbonov kimyo fanidan, dotsent B.Pirimkulov fizika fani boʻyicha master klasslar oʻtib berishdi.
Shuningdek, institut volontyor yoshlari tomonidan maktab oʻquvchilari uchun zakovat intellektual oʻyini tashkil qilindi. Oʻyin yakunida gʻolib jamoalar taqdirlanishdi. Mazkur tadbir maktab maʼmuriyati, xususan oʻquvchi yoshlarda katta taassurotlar qoldirdi.
Yakunda tadbir ishtirokchilari uchun bayram dasturxoni yozildi.
Tomonlar kelgusida ham shu kabi tadbirlarni tashkil etishda o’zaro hamkorlikni doimiy yo’lga qo’yish hamda tadbirlar sifati va qamrovini oshirib borish chora-tadbirlarini kelishib olishdi.
