“Kiberxavfsizlik markazi” DUK tomonidan olib boriladigan monitoring jarayonida 2023-yil 18-oktabr sanasida turli axborot resurslari, shu jumladan Respublikamiz hududida joylashgan tizimlarga tegishli bo‘lgan foydalanuvchilar ma’lumotlari e’lon qilinganligi aniqlandi.
Salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida zudlik bilan id.egov.uz hamda boshqa onlayn xizmat ko‘rsatuvchi xizmatlardan ro`yxatdan o`tgan barcha foydalanuvchilardan parollarini almashtirishlari so`raladi.
Eslatma: Parol (maxfiy so`z) tanlayotganda sodda parollar qo`ymang, tez unitib yubormaydigan, 8 belgidan kam bo‘lmagan, murakkab tuzilmali – harf, belgi va raqamlar ketma-ketligidan foydalaning!
Foydalanuvchi maxfiy ma’lumotlarini himoya qilish va axborot tizimlarining kiberxavfsizligini ta’minlash uchun quyidagi choralarni ko‘rishini tavsiya etamiz:
Har doim kamida 8 ta belgidan iborat kuchli parolni o‘rnating, katta va kichik harflar, raqamlar va maxsus belgilardan foydalaning (masalan, @,#, $,%,& va boshqalar). Shuningdek, osongina taxmin qilinadigan parol o‘rnatmaslik uchun murakkab parollardan tashqari har 2-3 oyda bir marta parolni yangilab turing, shu bilan birga avvalgisiga o‘xshash parolni o‘rnatishdan saqlaning.
Turli veb-saytlarda ro‘yxatdan o‘tish uchun bir xil maxfiy ma’lumotlaridan foydalanmang, Shuningdek, bepul parol menejerlarini qo‘llamang va parollarni brauzerlarda saqlamang.
Doimo ikki faktorli (2FA) autentifikatsiya funksiyalaridan foydalaning.
Faqat litsenziyalangan operatsion tizimlar, dasturiy ta’minot va antiviruslardan foydalaning, ularni muntazam yangilab turing.
Shubhali veb-havolalarga o‘tmang yoki noma’lum dasturiy ta’minotni yuklab olmang.
Veb-sahifalarni ochganingizda login va parollaringizni kiritishdan oldin veb-saytning manziliga va veb-sahifada turli xildagi shubhali simvollar yo‘qligiga e’tibor bering va haqiqiyligiga ishonch hosil qiling.
Parolni qanday yangilash mumkin?
Tizimga kirganingizdan so‘ng, ushbu havola (https://id.egov.uz/oz/personal-data/settings) orqali yangi parolni o’rnatishingiz mumkin.
Meni nomimdan kimdir kirganini bilsam bo‘ladimi?
Ha, buning uchun tizimga kirib, ushbu havola (https://id.egov.uz/oz/sessions) orqali boshqa seanslar (kirilgan qurilmalar) ni ko‘rishingiz mumkin.
RTTM , Axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘limi.
