Bugun butun mamlakatimiz bo‘ylab talabalar sportidagi eng yirik loyiha — “Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi” rasman boshlandi. Mazkur nufuzli sport bayrami Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida ham ko‘tarinki ruhda start oldi.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida universitet rektori Rasul To‘rayev so‘zga chiqib, yoshlarni sport bayrami bilan qutladi va musobaqalarga rasman start berdi. Ilk kunning o‘zida talabalar futbol, voleybol, basketbol va yengil atletika turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashishdi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilayotgan “Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi”ga ishtirok etish uchun Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining jami 2 434 nafar talabasi rasman ro‘yxatdan o‘tgan. Musobaqalar ishtirokchilari futbol, voleybol, gandbol, basketbol (3×3), stol tennisi, yengil atletika va suzish bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etadilar.
Mazkur musobaqalar uch bosqichda tashkil etiladi. Jumladan, 6–20 aprel kunlari universitet miqyosida birinchi bosqich bahslari o‘tkazilsa, 1–15 may kunlari g‘oliblar hududiy bosqichda o‘zaro kuch sinashadilar. Musobaqaning hal qiluvchi final bosqichi esa 1–10 iyun kunlari Toshkent shahridagi Olimpiya shaharchasida bo‘lib o‘tadi.
