By admin@tdmau.uzOn 27 января, 202627 января, 2026 2026-yil 23-yanvar kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 903 ta “og‘ir” mahallaning bosh rejalarini ishlab chiqishga oliy ta’lim muassasalarining arxitektura yo‘nalishi bitiruvchi talabalarini jalb etish vazifasi belgilandi. Ushbu jarayonda xorijiy mutaxassislar tajribasidan foydalanish ham ko‘zda tutilgan (https://t.me/TerDMAU/28449). Mazkur tashabbus doirasida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida amaliy ishlar boshlandi. Rektor Rasul To‘rayev rahbarligidagi yig‘ilishda vazifalar ijrosini samarali tashkil etish mexanizmlari muhokama qilindi. Viloyatdagi 114 ta “og‘ir” mahallaning bosh rejalarini ishlab chiqishga universitetning arxitektura va iqtisodiyot yoʻnalishlaridan saralab olingan, o‘qish jarayoni bilan uyg‘unlashtirilgan maxsus jadval asosida ishtirok etadigan 3–4-kurs talabalari, magistrantlar va doktorantlar jalb etiladi. Har bir mahalla uchun 5–7 nafar yoshdan iborat guruhlar shakllantirilib, hududning ijtimoiy, muhandislik va infratuzilma holati o‘rganiladi. Talabalar mahalla aholisi bilan suhbatlar o‘tkazib, muammolarni aniqlaydi, funksional zonalash va rivojlanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi. Loyihalarda amaliylik, aholi manfaatlari, barqaror rivojlanish hamda milliy va zamonaviy arxitektura uyg‘unligiga e’tibor qaratiladi. Shu asosda har bir mahallaning bosh rejasi shakllantiriladi. Har bir tuman uchun bir nafardan professor-o‘qituvchi va xorijiy mutaxassis biriktirilib, bu talabalar uchun kasbiy amaliyot va tajriba maktabi vazifasini bajaradi. 3–4-kurs talabalari ishlab chiqarish amaliyotidan o‘tadi, magistrantlar ilmiy-tadqiqot amaliyoti va magistrlik dissertatsiyalarini mahalla bosh rejalariga bag‘ishlaydi, doktorantlar esa mahallalardagi muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi. Eng yaxshi loyihalar yirik tanlovlarda ishtirok etadi va 100 million so‘mgacha mukofotga tavsiya qilinadi. Ushbu tashabbus yosh arxitektorlar, urbanistlar va iqtisodchilarning amaliy tajribasini oshirish, hududlarni kompleks rivojlantirish hamda yosh mutaxassislar salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.