Bugun Termiz davlat muhandislik va agrotehnologiyalar universitetida inklyuziv ta’lim va mediasavodxonlik mavzusida seminar-trening tashkil etildi. Mazkur tadbir talabalarning mediamadaniyati, axborot bilan ishlash ko‘nikmalari hamda ijtimoiy faolligini oshirishga qaratildi.
Seminar-treningda universitet Axborot xizmati rahbari — matbuot kotibi Z.To‘rayev universitetda tashkil etilgan “Inklyuziv media klub” faoliyati, uning maqsad va vazifalari, shuningdek, klub Nizomida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, “Inklyuziv media klub” talaba-yoshlarning kreativ fikrlashini rivojlantirish, dunyoqarashini kengaytirish, ijtimoiy faolligini oshirish, shuningdek, axborot sohasi uchun tayyor va raqobatbardosh kadrlar sifatida shakllantirishga xizmat qiladi. Klub faoliyati doirasida davlat va nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, axborot xizmatlari, matbuot kotiblari, shuningdek, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Ma’lum qilinganidek, klub universitet matbuot kotibi rahbarligida faoliyat olib boradi hamda talabalar orasidan saylangan rahbar va yo‘nalish sardorlari orqali boshqariladi. Klub a’zolari uchun ustoz–shogird an’analari asosida amaliy mashg‘ulotlar, mediamahorat darslari, intervyu va videoroliklar tayyorlash, ijodiy ishlar olib borish hamda grant loyihalari ustida ishlash imkoniyatlari yaratiladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar inklyuziv ta’lim va mediasavodxonlik sohasidagi bilimlarini mustahkamlab, “Inklyuziv media klub” faoliyatida ishtirok etishga qiziqish bildirdilar.
