Oliy ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar va ustuvor vazifalar ijrosini o‘rganish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Ishchi guruhi Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetiga tashrif buyurdilar.

Tashrif davomida mehmonlar universitet rektori Rasul To‘rayev hamrohligida ta’lim, ilm-fan va yoshlar bilan ishlash yo‘nalishidagi faoliyat bilan yaqindan tanishdilar.

Mehmonlarga universitetning zamonaviy ta’lim va ilmiy infratuzilmasi, erishilayotgan natijalar hamda talabalarning ijodiy va innovatsion ishlari haqida ma’lumot berildi. Tashrif Surxon geologiyasi muzeyidan boshlanib, viloyatning geologik xususiyatlari va tabiiy boyliklari namoyish etildi.

Shuningdek, o‘quv xonalari, laboratoriyalar, robototexnika xonasi, axborot-resurs markazi faoliyati, talaba turar joylari va ijara asosidagi shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Sport inshootlarining tayyorligi, olimpiya sport turlari bo‘yicha sport klublari faoliyati hamda “Talaba-yugur”, “Talabalar ligasi” kabi musobaqalarda talabalar qamrovi o‘rganildi.

Tashrif doirasida “Kelajak soati” rukni ostida o‘tilayotgan “Ma’rifat darslari” va “Ma’rifat ulashib” loyihasi tadbirlarining yuqori saviyada tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, vazirlik tomonidan o‘tkazilayotgan tanlovlar, festival va musobaqalar haqidagi talabalar xabardorligi tahlil qilindi.

Bundan tashqari, jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish, yoshlar bilan ishlash bo‘limi, dekan o‘rinbosarlari va tyutorlar faoliyati, xotin-qizlar qo‘mitasi hamda psixologik xizmat samaradorligi ham o‘rganildi. Talabalarning ijtimoiy-psixologik holatini yaxshilash maqsadida tashkil etilgan xizmat guruhlari faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratildi.

O‘rganish yakunida ishchi guruh a’zolari universitetda amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholagan holda, aniqlangan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berdilar.

Jumladan, bugungi yosh avlodga zamonaviy mediakontentlar orqali taʼsir vositalarini kuchaytirish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda talabalar qamrovini yanada oshirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda mas’ul bo‘lgan tyutorlarning o‘z ustida muntazam, jumladan kunlik ishlashini kuchaytirish yuzasidan aniq tavsiyalar berildi.