Bugun Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti rektori Rasul To‘rayev rahbarligida navbatdagi apparat yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda universitet prorektorlari, fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari hamda kafedra mudirlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish, boshqaruv samaradorligini oshirish hamda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan muhim masalalar muhokama qilindi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-oktabrdagi 189-son Farmoni hamda 2025-yil 30-oktabrdagi 320-son qaroridan kelib chiqqan holda ta’lim tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, ularning o‘quv jarayonidagi samaradorligini oshirish hamda oliy ta’lim muassasalarining ushbu yo‘nalishdagi faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi ko‘rib chiqildi.
Kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan rektor Rasul To‘rayev “Sun’iy intellekt — davlat siyosati darajasidagi ustuvor yo‘nalish” mavzusida ma’ruza qildi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda sun’iy intellekt ta’lim sifati, iqtisodiyot raqobatbardoshligi va davlat taraqqiyotini belgilovchi strategik omil hisoblanadi.
Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalar oliy ta’lim muassasalaridan zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash, sun’iy intellektni barcha sohalarga keng joriy etish hamda ta’limni iqtisodiyot bilan uzviy bog‘lashni talab etmoqda.
Shu asosda universitetda ta’lim jarayoniga sun’iy intellekt asoslarini joriy etish, sohalarga mos o‘quv modullarini ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqotlarda amaliy AI loyihalarini rivojlantirish hamda universitet boshqaruvida analitik tizimlarni tatbiq etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda sun’iy intellektni joriy etish masalalari bo‘yicha lavozimlar kesimida vazifalar taqsimlandi. Professor-o‘qituvchilar, kafedra mudirlari, dekanlar, bo‘lim boshliqlari va prorektorlar zimmasiga fan dasturlarini yangilash, infratuzilmani rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirish hamda innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, universitet talabalari hamda universitet qoshidagi akademik litsey o‘quvchilarining qishki ta’tilini tashkil etish, ta’til davrini mazmunli va samarali o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish davomida universitetda belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarning bajarilishi, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar holati, ijro intizomi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash jarayoni atroflicha muhokama etildi.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga belgilangan topshiriqlar ijrosini sifatli va o‘z vaqtida ta’minlash, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.
