Bugun yurtimizdagi barcha maktablarda yangi 2025/2026-o‘quv yili boshlandi. Bu sana – yoshlar uchun yangi bilimlar sari yo‘l, ustoz va murabbiylar uchun esa yana bir mas’uliyatli yilning boshlanishidir.

Jaranglab yangragan ilk qo‘ng‘iroq ovozi – ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘ygan 1-sinf o‘quvchilari uchun yangi bosqich, 11-sinf o‘quvchilari uchun esa maktab hayotining so‘nggi yili boshlangani ifodasidir.

Shu kabi hayajonli va unutilmas lahzalarga guvoh bo‘lish, shuningdek, muhtaram Prezidentimizning yoshlar uchun yo‘llagan tabrik so‘zlarini yetkazish maqsadida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti birinchi prorektori M.Majidov Termiz tumanidagi 15-umumta’lim maktabida bo‘lib, tantanali tadbirlarda ishtirok etdi.

Tadbir doirasida 1-sinf o‘quvchilariga Prezidentimizning bayram sovg‘alari topshirildi, barcha o‘quvchilarga esa ezgu tilaklar bildirildi.