Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi ijrosi doirasida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiya universitetining arxitektura va qurilish yo‘nalishlari talabalari Surxondaryo viloyatidagi 114 ta “og‘ir” mahallalarning bosh rejalarini ishlab chiqishga jalb qilingani haqida avval xabar bergan edik.

Bu tashabbus yosh mutaxassislarga katta amaliy tajriba orttirish imkonini beribgina qolmay, mahallalarni kompleks rivojlantirish va aholi hayot sifatini yaxshilashga ham xizmat qilmoqda.

Talabalar mahallalar infratuzilmasi va ijtimoiy holatini chuqur o‘rganib, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlarini takomillashtirish, yashil hududlarni kengaytirish, ijtimoiy obyektlar barpo etish hamda kichik biznesni rivojlantirishga qaratilgan amaliy va innovatsion takliflar ishlab chiqdi. Har bir loyiha mahalladagi muammolarga aniq va kompleks yechimlar taklif qiladi.

Shu kunlarda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov talabalar bilan dastlabki uchrashuvlarda berilgan tavsiyalar asosida takomillashtirilgan loyihalarni joyida ko‘rib chiqib, amaliy ishlarga start bermoqda.

Bugun ham viloyat rahbari Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on va Sho‘rchi tumanlarida mahallalar uchun ishlab chiqilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishib,
mas’ullarga ular asosida amaliy ishlarni boshlash, infratuzilmani bosqichma-bosqich yaxshilash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi.

Shu tariqa, ta’lim va amaliyot uyg‘unlashtirildi: talabalar o‘z bilim va ilmiy tadqiqotlarini mahallalar rivojlanishiga qaratmoqda, mahalladagi hayot sifatini yaxshilash esa aholi uchun haqiqiy samara beradi. Yoshlar g‘oyalari amalda mahallalar infratuzilmasini modernizatsiya qilish va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.