Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti hududida bahor nafasi quloch yozmoqda. Bu maskanda nafaqat ilm, balki tabiat ham yashnayapti.
Navbatdagi ekologik tashabbus doirasida 100 tup manzarali daraxt va buta ko‘chatlari yerga mehr bilan qadab chiqildi. Har bir nihol — ertangi kun sari tashlangan umid qadami, har bir ko‘chat — yashil kelajak sari bitilgan ezgu niyatdir.
Hududga viloyat iqlimiga mos, ko‘rkam va bardoshli o‘simliklar ekildi: yaltiroq barglari bilan ko‘zni quvontiruvchi bryuchina, nozik ranglari bilan joziba taratuvchi pisarida olxo‘risi, xushbo‘y siren, latofat timsoli bo‘lgan Suriya atirguli, quyoshrang ispan droki, bahoriy kayfiyat ulashuvchi bogreyanik, turli tut navlari hamda salobatli nina bargli daraxtlar…
Bu tashabbus shunchaki obodonlashtirish emas — bu tabiatga ehtirom, atrof-muhitga mehr, kelajak avlod oldidagi mas’uliyat ifodasidir. Yashillikka burkangan maskan esa talaba-yoshlar uchun sog‘lom muhit, ilhom manbai va pokiza nafas bo‘lib xizmat qiladi.
