Avval xabar qilinganidek (https://t.me/TerDMAU/28690), joriy yil 3-fevral kuni Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining arxitektura va qurilish yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashuv o‘tkazib, og‘ir toifadagi mahallalarda amalga oshiriladigan loyihalar yuzasidan aniq vazifalar belgilab bergan edi.
Bugun viloyat rahbari yana universitetga tashrif buyurib, avvalgi uchrashuvda berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida talabalar tomonidan tayyorlangan loyiha taqdimotlari bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuv davomida talabalar viloyatning 12 ta hududida joylashgan 86 ta og‘ir toifadagi mahalla bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihalarni taqdim etib, infratuzilmani yaxshilash, hududlarning zamonaviy qiyofasini shakllantirish, arxitektura yechimlari hamda obodonlashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.
Viloyat hokimi qisqa muddatda puxta va amaliy loyihalar ishlab chiqilganini e’tirof etib, ularni mahallalarning real ehtiyojlari, hududning tabiiy va ijtimoiy xususiyatlari, iqtisodiy samaradorlik hamda bosqichma-bosqich amalga oshirish mexanizmlari asosida yanada takomillashtirish zarurligini ta’kidladi. Mazkur tashabbus talabalarning nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish hamda ularning kelajakdagi kasbiy faoliyati uchun muhim tajriba maktabi ekani qayd etildi.
Shuningdek, tashrif doirasida universitetda yangi tashkil etilgan “STUDENT SERVIS” spin-off korxonasi faoliyati bilan ham tanishildi. Korxona santexnika, uy-joylarni ta’mirlash, tozalash va klining, elektromontaj, mebel ta’miri, veterinariya hamda bog‘dorchilik xizmatlarini yo‘lga qo‘ygan.
Viloyat hokimi ushbu tashabbusni yuqori baholab, yoshlar bandligini ta’minlash, amaliy ko‘nikmalarni oshirish va daromad manbai yaratishda bunday spin-off korxonalar muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Mas’ullarga korxona faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, buyurtmalar tushishini ta’minlash va pullik xizmatlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha amaliy topshiriqlar berildi.
