Amaliy tashrif bilan Surxondaryo viloyatida bo‘lib turgan Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi sanoat va savdo vaziri Maksim Ermakov hamda qishloq xo‘jaligi vaziri Dmitriy Voropayev boshchiligidagi delegatsiya bugun Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetiga tashrif buyurdi.
Mehmonlar viloyat hokimining o‘rinbosari Sherali Jo‘rayev hamda universitet rektori Rasul To‘rayev hamrohligida Surxon geologiyasi muzeyi faoliyati bilan tanishdilar. Ularga viloyatning geologik xususiyatlari va tabiiy boyliklari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tashrif doirasida ikki hudud o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida Surxondaryo – Krasnoyarsk savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-ma’rifiy forum tashkil etildi. Forumda ikki tomon delegatsiyalari hamda ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati va Krasnoyarsk o‘lkasi savdo-iqtisodiy, engil sanoat, qishloq xo‘jaligi va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi, istiqbolli investitsion loyihalar bilan tanishuvlar tashkil etildi.
Forum doirasida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti rektori Rasul To‘rayev hamda Krasnoyarsk davlat agrar universiteti prorektori Mariya Ozerova ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy, ta’limiy, innovatsion va madaniy sohalarda doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan memorandumni imzoladilar.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida B2B uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi, bu esa ikki hududdagi ishbilarmonlik aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
