📚 Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida “Davlat tilida ish yuritish” fani o‘qituvchisi Nigora Xudoyorova Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi hamda hayot faoliyati xavfsizligi yo‘nalishi 3-kurs talabalari uchun ochiq dars mashg‘ulotini o‘tkazdi.
📚 Ochiq dars “Shaxsiy hujjat matnlarining semantik-stilistik xususiyatlari” mavzusiga bag‘ishlandi. Mashg‘ulot davomida talabalar shaxsiy hujjatlarning mazmuniy aniqligi, uslubiy me’yorlari va ularning tuzilishiga oid amaliy bilim hamda malakalarini yanada mustahkamlashdi.
📝 Dars jarayonida interfaol metodlardan foydalanilgan holda shaxsiy ariza, tarjimai hol, tushuntirish xati kabi hujjat matnlarining tuzilishi, ularning semantik va stilistik jihatlari atroflicha muhokama qilindi. Talabalar hujjat tili aniqligi, sodda va ravon bayon etilishi, rasmiy uslub talablariga rioya etgan holda hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha ko‘nikmalarini rivojlantirdilar.
✔️ Mazkur ochiq dars talabalarning amaliy savodxonligini oshirish, rasmiy ish yuritish jarayonida davlat tili me’yorlaridan to‘g‘ri va samarali foydalanishga yo‘naltirilgan muhim mashg‘ulotlardan biri bo‘ldi.
