Rossiyaning Novosibirsk shahrida o‘tkazilayotgan “Texnoprom–2025” xalqaro forumi doirasida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti rektori Rasul To‘rayev Novosibirsk davlat texnika universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Sergey Chernov hamda boshqarma boshligʻi Darya Borovikova bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida tomonlar energetika sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Xususan:
● talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi
● malaka oshirish va stajirovka dasturlari
● qo‘shma ilmiy seminarlar
● magistratura ta’lim yo‘nalishlari

Shuningdek, qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va Scopus bazasidagi nufuzli jurnallarda maqolalar chop etish masalalari ham muhokama qilindi.

Bu uchrashuv ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy-akademik hamkorlikni mustahkamlash, yoshlar uchun esa xalqaro tajribani egallashda yangi imkoniyatlar yaratdi.

Ma’lumot uchun: Novosibirsk davlat texnika universiteti — Rossiyaning yirik texnika oliygohlaridan biri bo‘lib, 1950-yilda tashkil etilgan. Universitetda 15 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. U muhandislik, axborot texnologiyalari, aviatsiya va energetika sohalarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydi.