Bugun Termiz muhandislik-texnologiya instituti professor-o’qituvchilari hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Surxondaryo viloyat Kengashi tomonidan institutda tahsil olayotgan talaba-yoshlar o’rtasida 2024-yil — «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili» munosabati bilan “Yangi O’zbekiston-yosh avlod kadrlari” loyihasi doirasida «Biz, kelajak liderlari Ekopartiyani tanlaymiz!» mavzusida davra suhbati bo’lib o’tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat Kengashi raisi I.Yoqubov yurtimizda Ekologik partiya tomonidan bajarilayotgan ishlar, partiyaning dasturiy maqsad va vazifalari ijrosi yo‘lida olib borilayotgan islohotlar, shu bilan birga huquqiy, ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, aholining ekologik madaniyatini, huquqiy ongini oshirish borasida bajarilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.

Shu bilan birgalikda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Surxondaryo viloyati Kengashi va Termiz muhandislik-texnologiya instituti o‘rtasida hamkorlik MEMORANDUMI imzolandi.

Imzolangan memorandumda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Surxondaryo viloyati Kengashi raisi, viloyat Kengashi deputatlari, Termiz shahar Kengashi raisi, faol partiya a’zolari hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi xodimlari ishtirok etishdi.

Ushbu memorandumni imzolash orqali aholini, ayniqsa, yoshlarning ekologik madaniyatini oshirish, ekologik ta’limni rivojlantirish va bosqichma-bosqich ta’lim-tarbiya jarayoniga tatbiq qilish hamda jamiyatdagi ekologik faolligini kuchaytirish, shu jumladan ichimlik suvidan oqilona foydalanishni keng targ’ib qilish, bu borada hamkorlik ishlarini olib borish, ekologik muammolarni bartaraf etishga jamoatchilik e’tiborini qaratish maqsadlari kelishib olindi.