Institut rahbariyati, talabalar hamda “Sharg‘unko‘mir” AJ rahbariyati faollar zalida talabalarning mazkur tashkilotda amaliyot o‘tashlari yuzasidan uchrashib, mavjud muammolar, talabalarni kelgusida ish bilan ta’minlash, istiqbolda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan suhbatlashildi.
Suhbat davomida “Sharg‘unko‘mir” AJ rahbari H.Abdullayev hamda institut rektori O‘.Axmedov talabalar amaliyoti uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda mazkur amaliyotdan ko‘zlangan natijalar haqida fikr mulohazalar bildirib, kerakli tavsiyalar berishdi.
Ekskursiyani institutga o‘rindoshlik asosida o‘quv jarayoniga jalb etilgan Sharg‘unko‘mir” AJ bosh texnologi Z.Muratov olib bordi. Mazkur ekskursiya davomida Z.Muratov ko‘mirga ishlov berish dastgohining imkoniyatlari hamda uning foydalanish uslubiyotlari bilan talabalarni yaqindan tanishtirdi.
Ekskursiya zavoddan 18 km uzoqlikda, dengiz sathidan 1250 metr balandlikda joylashgan, ayni vaqtda xitoylik mutaxassislar bilan hamkorlikda ko‘mirni kompleks qazib olish ishlari olib borilayotgan “Sharg‘unko‘mir” AJ ga qarashli 10-shtolniya konida davom ettirildi.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur kon lahmining hozirgi vaqtida uzunligi
11 km dan oshgan bo‘lib, qurilishi, xavfsizligi, samaradorligi hamda bugungi kunda ko‘mir qazib olish sanoatidagi eng so‘nggi texnik jihozlar bilan ta’minlanganligi bo‘yicha O‘rta Osiyoda yagona loyiha hisoblanadi. Ushbu loyiha institut rahbariyati va talabalarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Ekskursiya so‘ngida institut rahbariyati “Sharg‘unko‘mir” AJ mas’ullari bilan kelgusida hamkorlikda amaliyotni samarali tashkil etish, soha mutaxassislarini o‘quv jarayoniga fanlardan mashg‘ulotlarni olib borishga jalb qilish va korxonadagi mavjud muammolar asosida ilmiy tadqiqotlar ishlarini olib borish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.
