Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida “Meva-sabzavot ekinlarini yetishtirishda yangi innovatsion texnologiyalar” mavzusida xalqaro ilmiy-texnik anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjumanni universitet rektori, professor Rasul To‘rayev ochib berdi. Tadbirda meva-sabzavot yetishtirish samaradorligini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish hamda xalqaro tajribadan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Anjumanda Tojikiston, Germaniya, AQSH, Eron, Rossiya va O‘zbekistonning yetakchi ilmiy muassasalari, oliy ta’lim tashkilotlari hamda agrar soha vakillari — olimlar, professorlar, tadqiqotchilar va mutaxassislar ishtirok etdi.
Anjuman doirasida hamkor tashkilotlar bilan memorandumlar imzolandi, ilmiy muloqot va savol-javoblar o‘tkazildi. Shundan so‘ng anjuman ishi 5 ta sho‘bada davom etdi.
Sho‘balarda zamonaviy agrotexnologiyalar, hosildorlikni oshirish, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish va sohadagi dolzarb masalalarga innovatsion yechimlar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Anjuman meva-sabzavotchilik sohasida xalqaro ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish va innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.
